Yangiliklar

O‘zbekistonda liftlar xavfsizligini baholash bo‘yicha yangi tartib joriy etildi

Agar liftning asosiy xavfsizlik talablariga muvofiqligi tasdiqlansa, tayinlangan organ o‘tkazilgan sinov natijalariga asoslangan muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtiradi
O‘zbekistonda liftlar xavfsizligini baholash bo‘yicha yangi tartib joriy etildi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda liftlar va lift xavfsizlik qurilmalarining muvofiqligini baholash tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Yangi nizom «Lift va lift qurilmalarining xavfsizligi to‘g‘risida»gi texnik reglamentda belgilangan liftlar hamda lift xavfsizlik qurilmalarining muvofiqligini baholash tartib-taomillarini belgilaydi. Nizomga ko‘ra, Milliy muvofiqlik belgisidan foydalanish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talab va shartlar bajarilgan taqdirda, ushbu belgini qo‘llashga ruxsat etiladi.

Lift xavfsizlik qurilmasiga Milliy muvofiqlik belgisi muvofiqlikni baholash jarayonida ishtirok etgan tayinlangan organning reyestrdagi maxsus raqami bilan birga tushirilishi kerak. Bunda lift xavfsizlik qurilmasining tasdiqlangan turiga mosligini kafolatlovchi sifat tizimi, ishlab chiqarishda sifatni kafolatlovchi keng qamrovli sifat tizimi yoki qurilmaning tasdiqlangan turiga muvofiqligini belgilangan vaqt oralig‘ida baholash tartiblari nazarda tutiladi.

Tayinlangan organ o‘tkazilgan baholash, tekshirish va sinovlar bo‘yicha ma’lumotlar hamda ularning natijalarini aks ettiruvchi baholash hisobotini rasmiylashtiradi.

Agar liftning asosiy xavfsizlik talablariga muvofiqligi tasdiqlansa, tayinlangan organ o‘tkazilgan sinov natijalariga asoslangan muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri ko‘p qavatli uylar kirish yo‘laklari haftasiga bir marta tozalanishi haqida yozgan edi.