
HeadHunter Uzbekistan o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning 49 foizi yozgi ta’tilni oldindan rejalashtirgan. Respondentlarning aksariyati dam olishni xorijda o‘tkazishni ma’qul ko‘rmoqda.
Ish beruvchilar va ish izlovchilar o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotda 160 dan ortiq respondent ishtirok etdi. So‘rov natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 49 foizi 2026-yilgi yozgi ta’tilini allaqachon rejalashtirgan. Yana 21 foiz respondent ta’tilga chiqishni mo‘ljallagan, biroq aniq sanalarni belgilamagan. So‘rov qatnashchilarining 25 foizi yozda dam olishni rejalashtirmagan bo‘lsa, 7 foizi hali yakuniy qarorga kelmagan.
Tadqiqotga ko‘ra, xorijga sayohat qilish yozgi dam olishning eng ommabop shakli bo‘lib qolmoqda. Respondentlarning 35 foizi ta’tilni chet elda o‘tkazishni rejalashtirgan. Yana 18 foizi mamlakatning boshqa hududlarida dam olishni ma’qul ko‘rgan. Ishtirokchilarning 16 foizi hali manzilni tanlamagan, 8 foizi esa ta’tilni uyida yoki o‘z shahrida o‘tkazishni rejalashtirgan.
Ta’til vaqtini tanlashda respondentlarning aksariyati oila manfaatlarini ustuvor deb biladi. So‘rov ishtirokchilarining 60 foizi qulay vaqtni tanlashda oilaviy omillarga e’tibor qaratishini bildirgan. Shuningdek, 36 foiz respondent ish yuklamasi, 32 foizi safar yoki dam olish xarajatlari, 26 foizi ob-havo sharoitlari, 17 foizi esa ta’tilni hamkasblari bilan muvofiqlashtirish imkoniyatini muhim omil sifatida qayd etgan.
So‘rov natijalari yoz oylarida ish yuklamasi ko‘pchilik uchun deyarli o‘zgarmasligini ko‘rsatdi. Respondentlarning 45 foizi yozda ish hajmi avvalgidek qolishini bildirgan. Shu bilan birga, 25 foiz ishtirokchi ish yuklamasi biroz kamayishini, 30 foizi esa aksincha ortishini ta’kidlagan.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ta’til davrida ish bilan aloqani to‘liq uzish ko‘pchilik uchun qiyin bo‘lib qolmoqda. Respondentlarning 44 foizi shoshilinch ish masalalariga vaqti-vaqti bilan javob berishini aytgan. Yana 31 foizi ta’til davomida deyarli doimiy ravishda ish bilan bog‘lanib turishini bildirgan. Faqat 5 foiz ishtirokchi dam olish vaqtida ish masalalariga umuman chalg‘imasligini aytgan.
Qatnashchilarning fikricha, sifatli ta’tilning asosiy natijasi yangi taassurotlar va ijobiy his-tuyg‘ular olishdir. Bu variantni respondentlarning 64 foizi tanlagan. Shuningdek, 58 foiz ishtirokchi ishdan chalg‘ish imkoniyatini, 56 foizi kuchni to‘liq tiklashni, 55 foizi esa oila va yaqinlari bilan vaqt o‘tkazishni muhim deb hisoblagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar uchun bepul yozgi oromgohlar tashkil etilgani haqida xabar bergan edik.