
Toshkent metropoliteni O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionati doirasidagi navbatdagi muhim uchrashuvi munosabati bilan metro poyezdlari harakati vaqtini qo‘shimcha bir soatga uzaytirishini ma’lum qildi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
23-iyun kuni soat 22:00 da bo‘lib o‘tadigan uchrashuv sabab poytaxt bo‘ylab futbol muxlislari oqimi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan yo‘lovchilarga qulaylik yaratish va jamoat transportining uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida metropoliten odatdagi jadvaldan kechroq faoliyat yuritadi.
Unga ko‘ra, 23-iyun kuni metro stansiyalari yo‘lovchilarga tungi soat 01:00 gacha xizmat ko‘rsatadi.
Metropoliten yo‘lovchilardan safarlarini oldindan rejalashtirishni hamda metrodan foydalanishda belgilangan xavfsizlik qoidalariga rioya etishni so‘radi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston – Portugaliya uchrashuvi 23-iyun kuni AQShning Xyuston shahridagi arenada bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Toshkentda O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlarini qayerda tomosha qilish mumkinligi haqida yozgandi.