Lifestyle

Bloger Gonzo festivaldagi mojaro ortidan hibsga olindi

U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir nechta moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan
Toshkentda bloger Gonzo festivaldagi mojaro ortidan hibsga olindi
Foto: Instagram / Gonzo G

Toshkentda bloger Gonzo nomi bilan tanilgan Geydar Aliyev festival vaqtida yuz bergan mojaro ortidan 5 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi. Ichki ishlar vazirligi holat yuzasidan izoh berib, bloger tomonidan tarqatilayotgan ma’lumotlar ish tafsilotlari va unga qo‘yilgan moddalar bo‘yicha haqiqatga mos kelmasligini bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea 13-iyun kuni ommaviy festival vaqtida sodir bo‘lgan. IIVga ko‘ra, Bloger Gonzo tadbir ishtirokchilari orasida agressiv va provokatsion tarzda videosyomka olib borgan. Dam olayotgan fuqarolardan biri undan tasvirga olishni to‘xtatishni so‘ragan, biroq bloger bu talabni e’tiborsiz qoldirgan.

Vazirlik bayonotida aytilishicha, Bloger Gonzo suratga olishni davom ettirgan va jarayon davomida haqoratli so‘zlar ishlatgan. Bu esa fuqarolar o‘rtasida nizoga sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng fuqaroning murojaati asosida ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari holatni bartaraf etishga uringan.

IIV ma’lumotiga ko‘ra, bloger huquq-tartibot organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan va janjal chiqargan. Holat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan. Keyinchalik ichki ishlar organlariga mojaro ishtirokchisidan, shuningdek, shaxsiy ma’lumotlari internetda noqonuniy tarqatilganini bildirgan yana bir fuqarodan ariza kelib tushgan.

Jazo qanday

20-iyun kuni sud ushbu ma’muriy ishni ko‘rib chiqdi. Sud tomonlarning vajlarini tinglab, Bloger Gonzoni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi 1-qismi, ya’ni ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, 46-2-moddasi 1-qismi, ya’ni shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hamda 183-modda, ya’ni mayda bezorilik bo‘yicha aybdor deb topdi.

Huquqbuzarliklar majmui bo‘yicha unga 12 BHM, ya’ni 4 mln 944 ming so‘m miqdorida jarima va 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Sud qarori e’lon qilingach, Bloger Gonzo jazoni ijro etish uchun sud zalining o‘zida qamoqqa olindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Jasjan nomi bilan tanilgan bloger Moskvada qo‘lga olingani haqida yozgan edi.