Yangiliklar

Toshkentning qator hududlarida milliy terma jamoa o‘yinlari namoyish etiladi — kirish bepul

Eng yirik fan-zona “Bunyodkor” stadioni hududida tashkil etiladi
Toshkentning qator hududlarida milliy terma jamoa o‘yinlari namoyish etiladi — kirish bepul / Foto: Kursiv Uzbekistan / Diyor Parpiyev

O‘zbekiston milliy terma jamoasining JChdagi guruh bosqichi uchrashuvlarini poytaxtning turli hududlarida tashkil etiladigan maxsus fan-zonalarda to‘g‘ridan to‘g‘ri tomosha qilishi mumkin. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, katta ekranlar Bektemir tumanidagi Rohat mahallasida, Mirobod tumanidagi «Furqat» bog‘ida, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Central Park» istirohat bog‘ida, Olmazor tumanidagi «G‘alaba bog‘i»da, Sergeli tumanidagi Markaziy xiyobonda va Uchtepa tumanidagi «Seul Eko park»da o‘rnatiladi.

Shuningdek, uchrashuvlar Chilonzor tumanidagi «G‘afur G‘ulom» bog‘i, Shayxontohur tumanidagi «Anhor-Lokomotiv» bog‘i, Yunusobod tumanidagi Yunusobod sport majmuasi, Yakkasaroy tumanidagi «Do‘stlik» bog‘i, Yangihayot tumanidagi INDEX park hamda Yashnobod tumanidagi «Ashxobod» sayilgohida ham namoyish etiladi.

Eng yirik fan-zona «Bunyodkor» stadioni hududida tashkil etiladi. Bu yerda 23-iyun kuni O‘zbekiston va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv katta ekranda namoyish etiladi. Fan-zona soat 19:30 da faoliyat boshlaydi.

O‘yin oldidan muxlislar uchun Rayhon, Shohruhxon hamda boshqa bir qator san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi, ko‘ngilochar tadbirlar, fud-kort va sovrinli o‘yinlar tashkil etiladi. Uchrashuv translyatsiyasi soat 22:00 da boshlanadi. Barcha muxlislar uchun kirish bepul.

Ma’lumot uchun, terma jamoasining guruh bosqichidagi navbatdagi uchrashuvlari Toshkent vaqti bilan 23-iyun kuni soat 22:00 da Portugaliyaga qarshi, 28-iyun kuni esa soat 04:30 da DR Kongo terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent metrosi O‘zbekiston terma jamoasi o‘yini munosabati bilan ish vaqtini uzaytirishi haqida yozgan edik. 23-iyun kuni metro tungi soat 01:00 gacha ishlaydi.