
O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik (kasallik) nafaqasini tayinlash va to‘lashning mutlaqo yangi tartibi joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi. Kursiv Uzbekistan yangi tizimdagi eng muhim 7 ta o‘zgarishni bir joyga jamladi.
1. Moliyalashtirish manbasi o‘zgaradi
Endilikda kasallik nafaqasini to‘lash yuklamasi qisman davlat zimmasiga o‘tadi. Xususan, kasallik varaqasining dastlabki 5 kuni uchun to‘lovni an’anaviy tarzda ish beruvchi to‘lab beradi. Biroq, kasallikning 6-kunidan boshlab to‘lovlar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
2. To‘lov miqdori ish stajiga bog‘lanadi
Nafaqaning miqdori xodimning sug‘urta stajidan kelib chiqib quyidagicha belgilandi:
- Sug‘urta staji 6 oydan 8 yilgacha bo‘lganda — o‘rtacha ish haqining 60 foizi;
- Sug‘urta staji 8 yildan ortiq bo‘lganda — o‘rtacha ish haqining 80 foizi miqdorida to‘lanadi.
3. Imtiyozli toifalar uchun qo‘shimcha 20 foiz
Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifalar uchun staj koeffitsiyenti yana 20 foizga oshiriladi. Bular:
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- 4 va undan ortiq farzandi bor ota-ona-lar;
- Nogironligi bo‘lgan farzandni tarbiyalayotgan ota-onalar.
4. Aniq to‘lov muddatlari belgilandi
Nafaqalarni to‘lashda quyidagi muddatlarga amal qilinadi:
- Oyning 1–15-kunlari tayinlangan nafaqalar — joriy oyning 25-sanasigacha;
- Oyning 16-sanasidan keyin tayinlangan nafaqalar — keyingi oyning 10-sanasigacha to‘lab berilishi shart.
5. Yillik cheklov — 182 kun
Yangi qoidalarga ko‘ra, bir xodimga kasallik nafaqasi bir kalendar yili davomida jami 182 kungacha to‘lanishi mumkin.
6. Yuqori chegara (shiftdan oshmaydi)
Nafaqani hisoblashda cheksiz katta maoshlar inobatga olinmaydi. Maksimal miqdor sifatida xodim o‘rtacha ish haqining Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHTEKM)ning 10 baravaridan oshmagan qismi bazaviy hisob kitob qilinadi.
7. To‘liq raqamlashtirish
Barcha jarayonlar byurokratiyadan xoli tarzda, inson omilisiz, to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan kichik biznes subyektlari uchun joriy etilgan yangi qoidalar, jumladan, 6 foizlik QQS, 0 foizlik foyda solig‘i va tekshiruvlarga e’lon qilingan moratoriy haqida batafsil yozgan edi.