Yangiliklar

500 kVtli agrovoltaika quyosh stansiyasi quriladi

Agrovoltaika bir maydonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va quyosh energiyasi ishlab chiqarishni uyg‘unlashtiradi
500 kVtli agrovoltaika quyosh stansiyasi quriladi
Foto: Energetika vazirlig

O‘zbekistonda agrovoltaika loyihasi doirasida 500 kVt quvvatli quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Loyiha Fransiyaning Voltalia kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Qurilishga start berish marosimida Energetika vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti vakillari hamda Voltalia kompaniyasi bosh ijrochi direktori Robert Klyayn ishtirok etdi.

Pilot loyiha doirasida quyosh panellarini o‘rnatish va elektr energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Tadbirda loyihani amalga oshirish bosqichlari, uni respublika hududlarida kengaytirish imkoniyatlari va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Ishtirokchilar qurilish maydonida quyosh panellarini o‘rnatish jarayoniga ramziy start berdi. Shuningdek, hududda manzarali daraxtlar ekilib, ekologik tashabbus qo‘llab-quvvatlandi.

Agrovoltaika bir maydonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va quyosh energiyasi ishlab chiqarishni uyg‘unlashtiradi. Bunday tizim yer maydonlaridan samarali foydalanish, ekinlarni kuchli quyosh nurlaridan himoya qilish va qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishga xizmat qiladi.

Avvalroq «Kursiv» Polshaning APS Energia kompaniyasi O‘zbekistonda qo‘shma korxona ochishi haqida yozgan edi.