Gadjetlar

Ai+ Nova 2 Pro 5G smartfoni taqdim etildi

Ai+ Nova 2 Pro 5G smartfoni taqdim etildi
Foto: Gizmochina

Ai+ kompaniyasi Ai+ Nova 2 Neo 5G va Ai+ Nova 2 Pro 5G smartfonlarini taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina texnologiyalar nashri xabar bermoqda.

Katta model — Ai+ Nova 2 Pro 5G orqa panel dizayni bo‘yicha iPhone 17 uslubini eslatadi. Smartfon 6,9 dyuymli Full HD+ displeyga ega bo‘lib, ekran 144 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma MediaTek Dimensity 7100 platformasida ishlaydi.

Nova 2 Pro 5G 8 GBgacha tezkor xotira bilan taklif etiladi. Unda 8 megapikselli ultra keng burchakli kamera, 13 megapikselli old kamera, stereo karnaylar va orqa panelda sozlanadigan LED yoritish tizimi mavjud. Smartfon 6000 mA/soat sig‘imli akkumulyator va 18 Vt quvvatlash bilan jihozlangan.

Foto: Gizmochina

Ai+ Nova 2 Neo 5G esa nisbatan oddiyroq model sifatida taqdim etildi. U 6,74 dyuymli LCD displeyga ega. Ekran HD+ aniqlik va 120 Gs yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma MediaTek Dimensity 6300 chipsetida ishlaydi.

Nova 2 Neo 5G 6 GBgacha tezkor xotira va 128 GBgacha ichki xotira bilan chiqariladi. Smartfonda 48 megapikselli Sony IMX582 asosiy kamera va 8 megapikselli selfi-kamera o‘rnatilgan. Batareya sig‘imi ham 6000 mA·soat bo‘lib, 18 Vt quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Avvalroq «Kursiv» iPhone 18 Pro smartfoni kattaroq asosiy kamera bilan chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.