
AQSh Moliya vazirligi Eron nefti, neft mahsulotlari va neft-kimyo mahsulotlari bilan bog‘liq ayrim operatsiyalarga 60 kunlik ruxsat berdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Bu qaror Vashington va Tehron vakillari o‘rtasida Shveysariyada bo‘lib o‘tgan muzokaralardan keyin qabul qilindi. AQSh Moliya vaziri Skott Bessentning ma’lum qilishicha, vaqtinchalik litsenziya Eron neftini qazib olish, yetkazib berish va sotishga ruxsat beradi.
AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi hujjatiga ko‘ra, litsenziya 2026-yil 21-avgustgacha amal qiladi.
Ruxsat Eron nefti, neft-kimyo mahsulotlari va neft mahsulotlarini AQShga import qilish bilan bog‘liq operatsiyalarni ham qamrab oladi. Bunda mahsulotlarni sotish, yetkazib berish yoki tushirish jarayonlari nazarda tutiladi. Shuningdek, sanksiya ostidagi kemalar ishtirokidagi ayrim operatsiyalarga ham ruxsat berilgan.
Eron nefti va neft mahsulotlari uchun to‘lovlar AQSh dollarida amalga oshirilishi mumkin. To‘lovlar Eron, Eron hukumati yoki sanksiya ostidagi boshqa shaxslar foydasiga ham o‘tkazilishi mumkin.
Biroq litsenziya Shimoliy Koreya, Kuba va Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlari bilan bog‘liq operatsiyalarga tatbiq etilmaydi. Shuningdek, u boshqa amaldagi cheklovlarni bekor qilmaydi.
Bessentga ko‘ra, Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali erkin va ochiq tranzitni ta’minlashga hamda Xalqaro atom energiyasi agentligi inspektorlarini mamlakatga kiritishga rozi bo‘lgan.
Shu bilan birga, Qatar va Pokistonning muzokaralar yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan qo‘shma bayonotida MAGATE inspektorlari qaytishi yoki Eronning Hormuz bo‘g‘ozini kemalar uchun ochish majburiyati haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tish uchun yig‘im joriy qilishi mumkinligi xabar berilgandi.