Yangiliklar

AQShda o‘zbek diasporasi uchun ikki yangi tuzilma ochildi

Vatan New York va Vatan New Jersey
Foto: «Dunyo» AA

AQShda o‘zbek diasporasini jipslashtirish maqsadida Vatan New York va Vatan New Jersey nomli ikki yangi mintaqaviy tuzilma tashkil etildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Yangi tuzilmalar Vatan Global Alliance birlashmasining Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlaridagi ilk vakolatxonalari bo‘ldi.

Ularning asosiy maqsadi AQShdagi o‘zbek jamoalari, tadbirkorlar, jamoat faollari va yoshlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishdan iborat.

Yangi mintaqaviy tuzilmalarni tashkil etish qarori O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi diplomatlari va birlashma faollari uchrashuvida qabul qilindi.

Tuzilmalar o‘zbek jamoasi qamrovini kengaytirish, vatandoshlarni ijtimoiy tashabbuslarga jalb etish, madaniy-ma’rifiy, ta’lim va xayriya loyihalarini amalga oshirishga qaratiladi.

Shuningdek, ular xorijdagi vatandoshlarning Vatan bilan aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Vatan New York va Vatan New Jersey tuzilmalariga tadbirkor va o‘zbek jamoasi faoli Baxtiyor Qodirov rahbar etib saylandi.

Kelgusida tashkilotlar Nyu-York va Nyu-Jersida yashovchi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator tashabbuslarni amalga oshiradi.

Uchrashuv ishtirokchilari o‘zbek jamoasining yanada jipslashishi diaspora bilan ishlashni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi.

Kelgusida Vatan Global Alliance tarmog‘ini AQShning o‘zbekistonliklar ko‘p yashaydigan boshqa hududlarida ham kengaytirish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston YI uchun migratsiya markazlari tashkil etish masalasini muhokama qilmayotgani xabar berilgandi.