
O‘zbekistonda transport vositalarini haydovchilar soni cheklanmagan holda majburiy sug‘urtalash imkoniyatini nazarda tutuvchi yangi tartib joriy etilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Transport sug‘urtasida yangi imkoniyat
Qabul qilingan qonunga ko‘ra, transport vositasi egasi avtomobilni haydovchilar soni cheklanmagan holda boshqarish uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash shartnomasini tuzishi mumkin bo‘ladi.
Bunda haydovchilar soni cheklanmagan tarzda rasmiylashtirilgan sug‘urta shartnomasida transport vositasi mulkdori, uning yaqin qarindoshlari va transport egasi alohida ko‘rsatilmaydi.
Sug‘urta tovonini olish tartibi soddalashtiriladi
Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, haydovchilar sug‘urta hodisasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal etish haqidagi ariza o‘rniga aybdor tomon sug‘urtalovchisiga sug‘urta tovonini to‘lash bo‘yicha ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Mazkur ariza aybdor tomonning sug‘urta kompaniyasi tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Ikki karra sug‘urtalashga cheklov qo‘yildi
Yangi tartibga muvofiq, hayoti va sog‘lig‘i davlat tomonidan majburiy sug‘urtalanadigan shaxslarning bir vaqtning o‘zida budjet mablag‘lari hisobidan ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalanishi taqiqlanadi.
Elektron tijoratda yangi talab
Shuningdek, qonun bilan elektron tijorat operatorlari faoliyatini boshlagan yoki tugatganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor qilish tartibi ham joriy etildi.
Mazkur o‘zgartirishlar sug‘urta bozorida qulayliklarni kengaytirish, shaffoflikni oshirish va elektron tijorat faoliyatini tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar 7 foizga oshirilishi haqida xabar bergan edik.