
O‘zbekistonda banklar va soliq organlari o‘rtasidagi axborot almashinuvini tartibga soluvchi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi bilan banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari yoki omonatlari (depozitlari) haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish tartibi tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan.
Qaysi ma’lumotlar soliq organlariga yuboriladi
Taklif etilayotgan tartibga muvofiq, banklar yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning hisobvaraqlari yoki omonatlari ochilgani, yopilgani yoki rekvizitlari o‘zgargani haqidagi ma’lumotlarni uch kun ichida elektron shaklda soliq organlariga yuboradi.
Shuningdek, O‘zbekiston hududida elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalarga jismoniy shaxslar tomonidan o‘tkazilgan mablag‘lar haqida ham ma’lumot taqdim etiladi. Bunda to‘lovni amalga oshirgan shaxsning shaxsiy ma’lumotlari ko‘rsatilmaydi.
Katta miqdordagi pul o‘tkazmalari nazorat qilinadi
Loyihaga ko‘ra, jismoniy shaxsning bank kartasiga bir kalendar oy davomida boshqa jismoniy shaxslarning (yaqin qarindoshlar bundan mustasno) bank kartalari yoki elektron hamyonlaridan bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng yoki undan ortiq mablag‘ kelib tushsa, bu haqda soliq organlariga ma’lumot yuboriladi.
Bundan tashqari, banklar naqd pul va to‘lov terminallari orqali hisobvaraqlarga tushgan mablag‘lar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan yirik miqdordagi operatsiyalar hamda ayrim maxsus hisobvaraqlar bo‘yicha ma’lumotlarni belgilangan muddatlarda Soliq qo‘mitasiga taqdim etadi.
«Bank-soliq» moduli yaratiladi
Loyihaga muvofiq, Soliq qo‘mitasi va Markaziy bank ikki oy ichida avtomatlashtirilgan «Bank-soliq» axborot almashish maxsus modulini joriy etish bo‘yicha texnologik yo‘riqnomani tasdiqlaydi. Shuningdek, to‘rt oy ichida banklarning axborot tizimlari ushbu modul orqali soliq organlari tizimlari bilan integratsiya qilinadi.
Ma’lumotlar soliq siri sifatida himoyalanadi
Hujjat loyihasida qayd etilishicha, banklardan olingan barcha ma’lumotlar soliq siri hisoblanadi. Ulardan faqat soliq nazoratini amalga oshirish maqsadida foydalaniladi. Mazkur axborotlarni oshkor qilish yoki uchinchi shaxslar manfaatlari yo‘lida ishlatish taqiqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar 7 foizga oshirilishi haqida yozgan edik.