Sport

Portugaliyaga qarshi bosimsiz va yaxshi natija uchun maydonga chiqamiz — Eldor Shomurodov

Portugaliyaga qarshi bosimsiz va yaxshi natija uchun maydonga chiqamiz — Eldor Shomurudov
Foto: O‘FA

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov Portugaliyaga qarshi o‘yin oldidan bo‘lib o‘tgan rasmiy matbuot anjumanida jamoaning kayfiyati, Kolumbiyaga qarshi uchrashuvdan olingan xulosalar va ertangi bahsga tayyorgarlik haqida gapirdi.

Shomurodovning aytishicha, O‘zbekiston terma jamoasida ortiqcha bosim yo‘q. Aksincha, bu holat futbolchilarga Portugaliyaga qarshi o‘yinda erkinroq harakat qilish imkonini berishi mumkin.

«Albatta, bizda bosim yo‘q. Shu sababli ertaga Portugaliyaga qaraganda bizga osonroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bizda ajoyib jamoa shakllangan», — dedi Shomurodov.

Terma jamoa sardori birinchi o‘yindan keyin futbolchilarda ishonch paydo bo‘lganini ta’kidladi. Uning fikricha, jamoa Jahon chempionatidagi debyut hayajonini ortda qoldirdi va endi navbatdagi bahsda yaxshi natija uchun maydonga tushadi.

Shomurodov Portugaliyaning birinchi turdagi natijasi O‘zbekiston jamoasi uchun asosiy e’tibor markazida emasligini bildirdi. U hozircha turnir jadvalidagi hisob-kitoblardan ko‘ra, bevosita ertangi o‘yinga tayyorgarlik muhimroq ekanini aytdi.

«Biz raqibimizning birinchi turdagi o‘yinining natijasiga ahamiyat bermadik. Bu haqda hozir o‘ylashning payti emas. Hozir biz uchun eng asosiysi ertangi bahs», — deya qayd etgan u.

O‘tgan o‘yindan qanday xulosa chiqarildi

Portugaliyaga qarshi bosimsiz va yaxshi natija uchun maydonga chiqamiz — Eldor Shomurudov
Foto: O‘FA

Sardor Kolumbiyaga qarshi o‘yindagi xatolar haqida ham gapirdi. Uning fikricha, birinchi bo‘limda murabbiy ko‘rsatmalarining to‘liq bajarilmagani ayrim xatolarga sabab bo‘lgan. Portugaliyaga qarshi bahsda esa jamoa bunday kamchiliklarni takrorlamaslikka harakat qiladi.

Shomurodovning aytishicha, O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi uchrashuvda o‘z o‘yinini ko‘rsatish, to‘pni ko‘proq nazorat qilish va vaziyatlar yaratishga intiladi. Bu, ayniqsa, yuqori saviyali raqibga qarshi bahsda muhim ahamiyat kasb etadi.

U shuningdek, futbolchilarda hayajon bo‘lishi tabiiy ekanini, ammo maydonga chiqqach bu holat unutilishini ta’kidladi. Sardorning so‘zlariga ko‘ra, jamoa ichidagi muhit yaxshi va futbolchilar uchrashuvga tayyor.

Shomurodov Abbos Fayzullayev bilan o‘zaro tushunish darajasi haqida ham fikr bildirdi. Ularning klubda ham birga o‘ynashi va mashg‘ulotlarda doim birga bo‘lishi maydondagi hamkorlikka ijobiy ta’sir qilmoqda.

«Biz Abbos bilan klubda ham birga o‘ynaymiz. Mashg‘ulotlarda ham doimo birgamiz. Shu sababli bir-birimizni yaxshi tushunamiz, desam bo‘ladi», — dedi Shomurodov.

Avvalroq «Kursiv» Kannavaro Portugaliyaga qarshi o‘yin oldidan bo‘lib o‘tgan rasmiy matbuot anjumanida fikr bildirgani haqida yozgan edi.