
O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslar uchun alohida elektron reyestr joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan fuqarolar Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestriga kiritiladi. Ichki ishlar vazirligi sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganidan so‘ng uch ish kuni ichida shaxs haqidagi ma’lumotlarni reyestrga kiritadi.
Qayd etilishicha, reyestrga kiritilgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida saqlanadi. Elektron reyestrni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda yuritadi.
Qanday cheklovlar joriy etiladi
Elektron reyestrga kiritilgan shaxslar davlat xizmatiga qabul qilinmaydi va davlat mukofotlari bilan taqdirlanmaydi. Shuningdek, ular saylanadigan yoki alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzod sifatida ko‘rsatilishi mumkin bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, bunday shaxslar davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlar a’zosi bo‘la olmaydi.
Tadbirkorlik va rahbarlikka cheklov
Reyestrga kiritilgan shaxslar o‘zi ta’sis etgan va ustav fondidagi ulushining 50 foizidan ortig‘iga egalik qiladigan korxonalar orqali davlat xaridlarida yoki davlat-xususiy sheriklik bitimlarida ishtirok eta olmaydi.
Shuningdek, ularga davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarda hamda davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish taqiqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Korrupsiyaga oid jinoyatlar aniq ro‘yxatga kiritilishi haqida yozgan edik.