
Farg‘ona viloyatida korxonani qasddan to‘lovga qobiliyatsiz holatga keltirish bilan bog‘liq holat fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida xususiy korxona mansabdor shaxslari tomonidan qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Korxona rahbariyati kreditorlar oldidagi majburiyatlarni bajarmaslik maqsadida korxonani qasddan to‘lovga qobiliyatsiz holatga olib kelgan. Shuningdek, ular to‘lov intizomini buzgan holda muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni undirish bo‘yicha belgilangan choralarni ko‘rmagan.
Bundan tashqari, korxona mahsulotlari savdosidan tushgan mablag‘lar bankka topshirilmasdan, go‘yoki ish haqi to‘lash uchun korxona hisob raqamidan yechib olingan. Oqibatda 1,1 trln so‘mlik mablag‘lar bilan bog‘liq harakatlar korxonaning qasddan bankrotlikka olib kelinishiga sabab bo‘lgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 181-1-moddasi (qasddan to‘lovga qobiliyatsizlikka olib kelish) hamda 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona va Xorazmda giyohvandlik vositalari savdosi fosh etilgan edi.