
Honor X80 Pro Max smartfonida 11 000 mA/soat sig‘imli akkumulyator qo‘llangan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu sohadagi eng katta batareyalardan biri hisoblanadi. Bu haqda Huaweicentral xabar berdi.
Agar akkumulyator ikki yil ichida ishdan chiqsa, ishlab chiqaruvchi uni bepul almashtirib beradi.
Smartfonda to‘rtinchi avlod Qinghai Lake batareyasi ishlatilgan. Honor bu ko‘rsatkich faqat reklama raqami emas, balki real o‘lchovlar bilan tasdiqlanganini bildirgan.
Honor X80 Pro Max 90 vattli tezkor simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, 27 vattli teskari quvvatlash funksiyasi ham bor. Ya’ni telefon orqali boshqa qurilmalarni ham quvvatlantirish mumkin.
Ginnes rekordlar kitobi ma’lumotiga ko‘ra, Honor X80 Pro Max avtonom ishlash bo‘yicha rekord o‘rnatgan. Qurilma uzluksiz 26 soat 8 daqiqa 34 soniya ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Honor X80 Pro Max smartfoni haqida batafsil ma’lumot berilgandi.