Gadjetlar

iPhone 18 Pro smartfoni kattaroq asosiy kamera bilan chiqishi mumkin

iPhone 18 Pro smartfoni kattaroq asosiy kamera bilan chiqishi mumkin
Foto: GSMArena

Apple’ning iPhone 18 Pro smartfoni asosiy kamera bo‘yicha muhim yangilanish olishi mumkin. GSMArena ma’lumotiga ko‘ra, yangi avlod Pro modelida asosiy kamera moduli avvalgi modelga qaraganda jismonan kattaroq bo‘ladi.

Manbaga ko‘ra, bu o‘zgarish iPhone 18 Pro kamerasi joylashgan orqa blok qalinligini taxminan 2 mm ga oshiradi. Ya’ni smartfonning kamera bo‘rtmasi hozirgi avlodga nisbatan sezilarliroq bo‘lishi mumkin.

Avvalroq iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max modellari o‘zgaruvchan diafragma tizimiga ega asosiy kamera bilan chiqishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Yangi ma’lumotlar ham aynan shu ehtimolni kuchaytirmoqda. O‘zgaruvchan diafragma kameraga turli yorug‘lik sharoitlarida yaxshiroq moslashish imkonini beradi.

Kamera moduli kattalashishiga faqat o‘zgaruvchan diafragma emas, balki kattaroq sensor ham sabab bo‘lishi mumkin. Agar Apple sensor o‘lchamini ham oshirsa, bu surat sifati, yorug‘likni qabul qilish va kam yorug‘likdagi tasvir imkoniyatlarini yaxshilashi mumkin.

iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max 2026-yil sentabr oyida taqdim etilishi kutilmoqda. Mish-mishlarga ko‘ra, ular bilan birga iPhone Ultra modeli ham namoyish qilinishi mumkin.

Shu bilan birga, iPhone 18 va iPhone 18e modellari, shuningdek, ehtimoliy iPhone Air 2 qurilmasi keyinroq – kelasi bahorda taqdim etilishi mumkinligi aytilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» iPhone 18 Pro narxi $1,4 minggacha bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.