
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislarining ogohlantirishicha, 40°C va undan yuqori haroratlarda organizm tez suvsizlanadi va issiq urish xavfi keskin oshadi. Ayniqsa 65 yoshdan oshgan keksalar, bolalar, homilador ayollar va surunkali kasalligi bor insonlar bunday sharoitda eng yuqori xavf guruhiga kiradi.
Ma’lumot uchun, Yevropada kuzatilayotgan g‘ayritabiiy issiqlik tufayli Fransiyada kamida 18 kishi vafot etdi. Qurbonlar orasida onasi tomonidan qarovsiz, issiq mashina ichida qoldirilgan 2 va 4 yoshli 2 nafar bola ham bor.
«Issiq to‘lqinlar inson hayoti uchun bevosita xavf tug‘dirishi mumkin va ehtiyot choralarini kuchaytirish zarur», — deya ogohlantirdi JST mutaxassislari.
Eng xavfli vaqt va to‘g‘ri harakat
Mutaxassislar ayniqsa 11:00 dan 17:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida quyosh ostida qolmaslikni tavsiya qiladi. Shu paytda tana harorati tez ko‘tarilib, issiq urish xavfi ortadi. Agar tashqarida bo‘lish zarur bo‘lsa, soyada harakat qilish va og‘ir jismoniy ishlarni kechki yoki erta tong soatlariga ko‘chirish muhim hisoblanadi. Har kuni kamida 2–3 soat salqin joyda dam olish ham organizmni tiklashga yordam beradi.
Uy sharoitida salqin muhit yaratish
Uy sharoitida ham harorat 30–35°C va undan yuqori bo‘lib ketishi mumkin. Buni kamaytirish uchun kunduzi deraza va pardalarni yopib qo‘yish, kechasi va ertalab esa xonani shamollatish tavsiya etiladi. Ventilyatorlar 40°C dan past sharoitda samarali ishlaydi, 40°C dan yuqori haroratda esa aksincha issiqlikni kuchaytirishi mumkin. Konditsioner ishlatilganda 26–27°C atrofida sozlash eng maqbul hisoblanadi.
Suv ichish va tana parvarishi
Suv ichish me’yori va tana parvarishi
Issiq kunlarda organizm kuniga 2–3 litr suv yo‘qotishi mumkin, shu sababli kun davomida kamida shuncha miqdorda suv ichish tavsiya etiladi. Muhimi, chanqashni kutmasdan har 1 soatda suv ichib turish kerak. Kofeinli va shakarli ichimliklar iste’molini kamaytirish ham foydali.
Yengil va keng kiyimlar kiyish, shuningdek, kun davomida bir necha marta sovuq dush qabul qilish tana haroratini me’yorda ushlab turadi.
65+ yoshdagilar va bolalar xavfsizligi
Ayniqsa 65 yoshdan katta insonlar bilan kuniga kamida 1–2 marta bog‘lanish, ularning 2–3 litr suv ichishi va salqin joyda bo‘lishini tekshirish muhim. Bolalar esa 10–15 daqiqadan ortiq quyosh ostida qolmasligi kerak, chunki ularning tana harorati kattalarga qaraganda tezroq ko‘tariladi.
Bolalarni yopiq avtomobil ichida hatto 1–2 daqiqaga ham qoldirish xavfli hisoblanadi, chunki ichkaridagi harorat tashqariga nisbatan 2–3 barobar tezroq oshishi mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, iqlim o‘zgarishi sababli jazirama to‘lqinlari 2–3 barobar tez-tez uchramoqda. Shu sababli 11:00–17:00 oralig‘idagi ehtiyot choralari, kuniga 2–3 litr suv ichish va xona haroratini 26–27°C darajada ushlab turish inson hayotini saqlab qolishda muhim rol o‘ynaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 23-iyun kuni havo harorati 44 darajaga ko‘tarilishi mumkinligi haqida yozgandi.