
O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan pensiya va nafaqalar, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi hamda moddiy yordam to‘lovlari 7 foizga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Pensiya va nafaqalarning yangi miqdorlari
Farmonga muvofiq, yoshga doir eng kam pensiya miqdori oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa oyiga 1 083 000 so‘m etib belgilanadi.
Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun bolalar nafaqasi miqdori ham oshiriladi. Jumladan:
- 3 yoshgacha bo‘lgan bitta farzand uchun oyiga 386 ming so‘m;
- 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzand uchun esa 295 ming so‘m;
- Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m;
- Uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa qo‘shimcha 118 ming so‘m;
- Oilalarga beriladigan moddiy yordamning oylik miqdori 450 ming so‘m etib belgilanadi.
Ish haqi va stipendiyalar ham oshadi
2026-yil 1-sentabrdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi.
Shu sanadan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 360 000 so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m etib belgilanadi.
Pensiya hisoblash bazasi yangilanadi
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 ming so‘mni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-iyuldan kasallik nafaqasini to‘lash tartibi o‘zgarishi haqida yozgan edik.