Yangiliklar

O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha Andijon yetakchi — statistika

Viloyatdagi kiyim ishlab chiqarish hajmi umumiy ko‘rsatkichning 41,9 foizini tashkil qiladi
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha Andijon yetakchi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda 12,9 trln so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqarildi, shundan 5,4 trln so‘mi Andijon viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 12,5 foizga ko‘pdir.

Andijon mutlaq yetakchi

Hududlar kesimida eng yuqori natija Andijon viloyatida qayd etilgan. Viloyatda to‘rt oy davomida 5,4 trln so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Keyingi o‘rinlarni Toshkent viloyati (1,4 trln so‘m), Namangan viloyati (1,1 trln so‘m) va Farg‘ona viloyati (1 trln so‘m) egallagan. Toshkent shahrida esa 999,2 mlrd so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Foto: Sun’iy intellekt asosida yasaldi

Qolgan hududlarda qanday natija

Samarqand viloyatida 687,1 mlrd so‘mlik, Buxoro viloyatida 449,3 mlrd so‘mlik va Qashqadaryo viloyatida 431 mlrd so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Shuningdek, Xorazm viloyatida bu ko‘rsatkich 397 mlrd so‘mni, Navoiy viloyatida 326,2 mlrd so‘mni, Sirdaryo viloyatida 200,2 mlrd so‘mni tashkil etgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 199,9 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Ro‘yxatning keyingi pog‘onalarida Surxondaryo viloyati 141,8 mlrd so‘m va Jizzax viloyati 132,8 mlrd so‘m ko‘rsatkich bilan qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarishida Navoiy viloyati yetakchi ekanligi haqida yozgan edik.