
Portugaliya bilan o‘yin va 7 foizga oshayotgan ish haqi, stipendiya, nafaqalar — 23-iyun kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Fabio Kannavaro: Portugaliyadan qo‘rqmaymiz, uchrashuv oxirigacha kurashamiz

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Portugaliyaga qarshi o‘yin oldidan bo‘lib o‘tgan rasmiy matbuot anjumanida raqibning kuchli tomonlari, jamoaning tayyorgarligi va uchrashuvdagi asosiy vazifalar haqida fikr bildirdi.
Kannavaroning ta’kidlashicha, Portugaliya Jahon chempionatidagi eng kuchli jamoalardan biri hisoblanadi. U raqibning qanotlarda yuqori saviyali futbolchilarga ega ekani, yarim himoya chizig‘i dunyodagi eng kuchlilardan biri ekanini qayd etdi.
Uyqum kelmayapti — Shavkat Mirziyoyev Portugaliya bilan o‘tadigan o‘yin haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston milliy terma jamoasining Portugaliyaga qarshi o‘yini oldidan terma jamoaga ishonchi haqida fikr bildirdi.
Davlat rahbari jurnalistlarga murojaat qilib, bugungi o‘yin oldidan hayajon yuqori ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatida maydonga tushishi va mamlakat bayrog‘ining xalqaro maydonda hilpirashi katta faxrdir.
Dollar oshdi: 24-iyun uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

24-iyun uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 26,78 so‘mga oshib, 12 017,04 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi. Markaziy bank ham o‘z saytida e’lon qildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 25,08 so‘mga tushib, 13 712,64 so‘mni, rubl esa 1,6 so‘mga tushib, 160,63 so‘mni tashkil qildi.
Yevropadagi jazirama to‘lqini Fransiyada 3 kishining umriga zomin bo‘ldi

Yevropani qamrab olgan kuchli issiq ob-havo oqibatida Fransiyada kamida uch kishi halok bo‘ldi. Bu haqda NBC News nashri xabar berdi.
Mamlakatning ayrim hududlarida havo harorati 42 darajadan oshishi kutilayotgani sababli minglab maktablar faoliyatiga cheklovlar joriy etilmoqda.
Lola Karimova turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganini ma’lum qildi

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Lola Karimova–Tillayeva turmush o‘rtog‘i, tadbirkor Temur Tillayev bilan rasman ajrashganini ma’lum qildi. Bu haqda u Instagram sahifasida xabar berdi.
Karimova o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifasida «o‘zimni tanladim» mazmunidagi izoh qoldirib, ajralish qarorini shaxsiy hayotida yangi bosqich sifatida qabul qilayotganini bildirgan. Uning yozishicha, bu qaror erkinlik va o‘zini rivojlantirish sari yo‘naltirilgan.
«Jurnalist» badiiy filmining premyerasi bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 26-iyun kuni soat 18:00 da O‘zbekiston Milliy Kino San’ati Saroyi (Panorama)da «Jurnalist» badiiy filmining namoyishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Yoshlar kinostudiyasi xabar berdi.
Film syujeti yosh jurnalist Ra’noning hayoti atrofida kechadi. U oddiy ko‘ringan bir voqea ortidan yirik jinoiy tizim yashiringanini fosh etadi. Bosim va tahdidlarga qaramay, Ra’no shov-shuv ortidan quvmasdan, adolat va inson taqdiri uchun kurash yo‘lini tanlaydi.
Namangan aeroportida 175 mln dollarlik yangi terminal qurilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida Namangan xalqaro aeroportida qurilayotgan yangi yo‘lovchi terminali bilan tanishdi.
Loyihaga jami $175 mln investitsiya jalb qilingan. Yangi terminal 2026-yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Namangan xalqaro aeroporti 1971-yilda ishga tushirilgan. 2013-yildan esa xalqaro maqomda faoliyat yuritib kelmoqda.
«Navbahor» boshqaruvi «Ayaks» futbol akademiyasiga uch yilga berildi

«Navbahor» boshqaruvi «Ayaks» futbol akademiyasiga uch yilga berildi. Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida «Navbahor» futbol akademiyasiga bordi. Davlat rahbari akademiyada yosh futbolchilar uchun yaratilgan sharoitlar va o‘quv-mashg‘ulot jarayonlari bilan tanishdi.
Namangan viloyati futbol an’analari va iqtidorli futbolchilari bilan mamlakatda alohida o‘ringa ega. Shu bois yosh futbolchilarni xalqaro standartlar asosida tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar 7 foizga oshiriladi

O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan pensiya va nafaqalar, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi hamda moddiy yordam to‘lovlari 7 foizga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga muvofiq, yoshga doir eng kam pensiya miqdori oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa oyiga 1 083 000 so‘m etib belgilanadi.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi.
Shu sanadan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 360 000 so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m etib belgilanadi.
Endi korrupsiya bo‘yicha sudlanganlarning elektron ro‘yxati tuziladi

O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslar uchun alohida elektron reyestr joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan fuqarolar Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestriga kiritiladi. Ichki ishlar vazirligi sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganidan so‘ng uch ish kuni ichida shaxs haqidagi ma’lumotlarni reyestrga kiritadi.