
Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga Ras-Laffan sanoat zonasidagi gazni qayta ishlash majmuasida sodir bo‘lgan kuchli portlash va yong‘in oqibatida insonlar halok bo‘lgani hamda jarohatlangani munosabati bilan ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbari qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi, jarohatlanganlar tez orada shifo topishini tiladi.
Portlash 21-iyun kuni kechqurun Qatarning Ras-Laffan sanoat zonasidagi Barzan mahalliy gaz ta’minoti obyektida sodir bo‘lgan. QatarEnergy ma’lumotiga ko‘ra, hodisa obyekt faoliyatini qayta ishga tushirish jarayonida yuz bergan operatsion nosozlik bilan bog‘liq.
Qatar rasmiylari portlash oqibatida 13 kishi halok bo‘lgani va 66 kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan. Mamlakat energetika vaziri Saad Sherida al-Kaabi hodisa sabotaj yoki dushmanona harakat emasligini, texnik avariya sifatida ko‘rilayotganini bildirdi.
Ras-Laffan Qatarning eng muhim gaz infratuzilmasi joylashgan hududlardan biri hisoblanadi. Rasmiy Dohaga ko‘ra, portlash mamlakatning LNG eksportiga ta’sir qilmaydi, hodisa sabablari bo‘yicha tekshiruv boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri kapital bozorni rivojlantirish bo‘yicha yangi qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida yozgan edi.