
Toshkent shahrida metro tarmog‘ini kengaytirish doirasida ikkita yangi yo‘nalish — Pushkin – TTZ va Texnopark – Yangi Toshkent liniyalari qurilishi jadallashtirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan hukumat qarori loyihasida keltirilgan.
Rejaga ko‘ra, Pushkin – TTZ yo‘nalishi taxminan 11 kilometr uzunlikda bo‘lib, o‘nta bekat hamda texnik depo bilan jihozlanadi. Texnopark – Yangi Toshkent liniyasi esa 21 kilometrga cho‘zilib, to‘qqizta bekat va xizmat ko‘rsatish deposini o‘z ichiga oladi.
Hujjatda qayd etilishicha, qurilish ishlari tezlashtirilgan fast-track usulida olib boriladi hamda zamonaviy shaharsozlik standartlari asosida amalga oshiriladi.
Dastlabki rejalarga ko‘ra, Texnopark – Yangi Toshkent yo‘nalishining birinchi bosqichi 2026-yilda yakunlanishi, to‘liq liniya esa 2028-yil 1-sentabrgacha foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.
Loyihani amalga oshirish uchun maxsus davlat muassasasi buyurtmachi etib belgilanishi ham nazarda tutilmoqda. Shuningdek, qurilish hududlarida yer uchastkalarini xatlovdan o‘tkazish, ko‘chmas mulk egalariga kompensatsiya to‘lash va infratuzilmani ko‘chirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Qurilish jarayonida transport harakati uchun muqobil yo‘llar tashkil etish hamda jamoat transporti uzluksizligini ta’minlash vazifalari ham belgilab qo‘yilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri 23-iyun kuni Toshkent metrosi O‘zbekiston terma jamoasi o‘yini munosabati bilan ish vaqtini uzaytirishi haqida yozgandi.