
Yevropani qamrab olgan kuchli issiq ob-havo oqibatida Fransiyada kamida uch kishi halok bo‘ldi. Bu haqda NBC News nashri xabar berdi.
Mamlakatning ayrim hududlarida havo harorati 42 darajadan oshishi kutilayotgani sababli minglab maktablar faoliyatiga cheklovlar joriy etilmoqda.
Fransiya Sog‘liqni saqlash vaziri Stephanie Ristning ma’lum qilishicha, mamlakatni oldinda yana bir necha kun davom etadigan o‘ta issiq ob-havo kutmoqda va harorat qachon pasayishi hozircha noma’lum.
Bordo mintaqasida dam olish kunlari 80 yoshdan 95 yoshgacha bo‘lgan uch nafar fuqaro jazirama sabab yuzaga kelgan sog‘liq muammolari oqibatida vafot etgan. Shu bilan birga, Fransiya bo‘ylab qariyb 2,7 mingta maktab vaqtincha yopilishi yoki dars jadvalini o‘zgartirishi rejalashtirilgan.
Issiq to‘lqini qo‘shni Ispaniyaga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Mamlakatning odatda salqin hisoblangan shimoliy hududlarida ham favqulodda qizil ogohlantirish e’lon qilingan. San-Sebastyan shahrida harorat 40 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda, bu esa iyun oyidagi odatiy ko‘rsatkichdan ikki baravar yuqori.
Mutaxassislarning qayd etishicha, Yevropaning ayrim hududlarida harorat me’yoriy ko‘rsatkichlardan 5 – 10 daraja, ba’zi joylarda esa 10 darajadan ham ko‘proq yuqori bo‘lmoqda.
Jazirama nafaqat odamlarga, balki yovvoyi tabiatga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Belgiyadagi hayvonlarni reabilitatsiya qilish markazlari issiqdan aziyat chekayotgan qushlar va boshqa jonivorlar soni keskin ko‘payganini ma’lum qilgan. Ayrim tomlarda harorat 60 darajagacha ko‘tarilgani sababli qushlar uyalarini tark etishga majbur bo‘lmoqda.
Yevropa iqlim kuzatuvchilari ma’lumotlariga ko‘ra, qit’a hozirda tarixiy o‘rtacha ko‘rsatkichlardan eng katta og‘ishni qayd etayotgan hududga aylangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 23-iyun kuni havo harorati 44 darajaga ko‘tarilishi mumkinligi haqida yozgandi.