
2026-yil 1-sentabrdan boshlab O‘zbekistonda texnik ko‘rikdan o‘tmagan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida gaz quyish taqiqlanadi.
Shuningdek, gaz ballonining foydalanish muddati tugagan yoki transport vositasi egasida tegishli ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan avtomobillar ham ushbu cheklovlarga duch keladi. Talablarning bajarilishi U-Gas va Eco-Himoya axborot tizimlari orqali avtomatik tarzda nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, hukumat yuqori xavf tug‘diruvchi avtomobillarga yonilg‘i va gaz quyish shoxobchalarining alohida reyestrini shakllantirishni rejalashtirmoqda. Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan obyektlarni esa boshqa, xavfsizroq hududlarga ko‘chirish ko‘zda tutilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, 6,1 mingdan ortiq avtomobillarga yonilg‘i va gaz quyish shoxobchalari tekshirilganda 46 mingta qoidabuzarlik aniqlangan. Inventarizatsiya yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘ylab 464 ta shoxobcha faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Ular aniqlangan kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgandan so‘ng ish faoliyatini qayta tiklashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning 9 ta tumanida 40 ta yangi AYQSh qurilishi haqida yozgan edik.