Avto

2026-yilgi L8 avtomobili taqdim etildi

2026-yilgi L8 avtomobili taqdim etildi
Foto: Li Auto

Xitoyning Li Auto kompaniyasi tomonidan 2026-yilgi L8 avtomobili rasman taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Ultra versiyasi narxi 359,8 ming yuan, ya’ni taxminan $52,9 ming etib belgilangan. Livis komplektatsiyasi esa 419,8 ming yuan yoki $61,7 mingdan sotuvga chiqariladi.

Dizayn va o‘lchamlar

2026-yilgi Li L8 besh o‘rindiqli alohida konfiguratsiyaga ega bo‘lib, qisqa old osma va uzun orqa osma qismi bilan ajralib turadi. Model tashqi ko‘rinishida fastbek uslubidagi dinamik siluet, old va orqa qism bo‘ylab cho‘zilgan yoritish chiziqlari hamda yaltiroq qora orqa diffuzor qo‘llangan.

Foto: Li Auto

Avtomobil uzunligi 5135 mm, eni 2000 mm, balandligi esa 1800 mmni tashkil qiladi. G‘ildirak bazasi 3045 mmga teng. Bagaj bo‘limi hajmi 820 litr bo‘lib, uning chuqurligi 1113 mmga yetadi. Bundan tashqari, pol ostida 15 litr va 95 litr hajmdagi qo‘shimcha saqlash bo‘limlari mavjud.

Intellektual boshqaruv tizimlari

Ultra versiyasi Mach intellektual haydovchiga yordam tizimi bilan jihozlangan. Tizim bitta Mach M100 chipi asosida ishlaydi va 1280 TOPS hisoblash quvvatiga ega. Shuningdek, ushbu talqinda yettita 8 megapikselli kamera hamda ATL-P yuqori unumdor LiDAR sensori o‘rnatilgan.

Foto: Li Auto

Livis versiyasida esa Mach intellektual yordam tizimi yanada rivojlantirilgan bo‘lib, u «embodied intelligence» majmuasi bilan birga ishlaydi. Ushbu talqinda ikkita Mach M100 chipi qo‘llangan va umumiy hisoblash quvvati 2560 TOPSni tashkil etadi. Kamera va LiDARlardan tashqari, Livis uchta qattiq jismli o‘zgaruvchan fokusli LiDAR bilan ham jihozlangan.

Salon va qulayliklar

Li L8 saloni 29 dyuymli 6K panoramali ekran va 21 dyuymli 4K mobil ekran atrofida shakllantirilgan. Old qatorda «zero-gravity» o‘rindiqlari, besh o‘rindiqli salon uchun olti zonali intellektual iqlim nazorati tizimi mavjud.

Audio tizim 27 ta dinamikdan iborat bo‘lib, uning umumiy quvvati 4720 W deb ko‘rsatilgan. Orqa yo‘lovchilar uchun buklanadigan stollar, pardoz oynalari, simsiz va simli quvvatlash imkoniyati, yon oynalar uchun elektr pardalar hamda shiftga o‘rnatilgan eshik boshqaruv tugmalari taqdim etilgan.

Foto: Li Auto

Texnik qism va yurish zaxirasi

Yangilangan Li L8 72,7 kVt/soat sig‘imli 5C range-extender akkumulyatori bilan jihozlangan. Avtomobil faqat elektr quvvatida 430 km masofa bosib o‘ta oladi. Umumiy yurish zaxirasi esa 1670 kmga yetadi. Yoqilg‘i sarfi 100 km uchun 6,2 litr deb ko‘rsatilgan.

Ultra versiyasida «Magic Carpet» shassisi standart jihoz sifatida beriladi. U ikki klapanli uzluksiz o‘zgaruvchan amortizatorlar, steer-by-wire tizimi va orqa g‘ildiraklarni burish funksiyasini o‘z ichiga oladi. Shu sababli avtomobilning burilish radiusi 5,1 metrni tashkil qiladi.

Livis versiyasi esa 800 voltli faol osma tizimi hamda EMB — elektromexanik tormoz tizimi bilan jihozlangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker 2027 avtomobilining narxlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.