Yangiliklar

Eron mamlakat g‘arbiy havo hududini qayta ochdi

Eron janubidagi Kish va Asaluye aeroportlari ham ishini tiklaydi
Eron mamlakat g‘arbiy havo hududini qayta ochdi
Foto: Iran Air

Eron fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi mamlakat g‘arbiy qismidagi havo hududi qayta ochilganini ma’lum qildi. Bu haqda Eron davlat telekanali IRIB aviatsiya idorasi ma’lumotiga tayanib xabar berdi.

Bayonotga ko‘ra, mamlakatning g‘arbiy havo hududi sharqiy havo hududi kabi operatsion rejimda va sutka davomida faol ishlay boshlagan. Bu ichki hamda tranzit reyslarning Eron havo hududi orqali harakatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilganini anglatadi.

Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi barcha aeroportlar Aeronautical Information Publication – AIP hujjatida belgilangan shart va tartiblarga muvofiq faoliyat yuritishi mumkinligini bildirdi.

Shuningdek, Eron janubidagi Kish va Asaluye aeroportlari ham ishini tiklaydi. Biroq ushbu aeroportlar quyosh chiqqanidan quyosh botguniga qadar faoliyat yuritishi ma’lum qilindi.

Eron havo hududining g‘arbiy qismi qayta ochilishi mamlakatda aviatsiya qatnovini bosqichma-bosqich tiklash jarayonining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda. Bu qaror ichki parvozlar bilan birga xalqaro tranzit yo‘nalishlari uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Avvalroq «Kursiv» AQSh Eron neftiga sanksiyalarni 60 kunga bekor qilgani haqida yozgan edi.