Yangiliklar

Farg‘onaning chegaradagi qishloqlari Qirg‘iziston tasarrufiga o‘tdi

Chongara va Tosh-Tobo qishloqlari
Farg‘onaning chegaradagi qishloqlari Qirg‘iziston tasarrufiga o‘tdi
Foto: O‘zA

Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida davlat chegaralarini aniq belgilash jarayoni doirasida ikki mamlakat hududlar almashinuvi bo‘yicha muhim kelishuvni amalga oshirdi. Bu haqda 24kg nashri xabar berdi.

Natijada avval O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati tarkibida bo‘lgan Chongara va Tosh-Tobo qishloqlari Qirg‘iziston tasarrufiga o‘tdi.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Asqat Alag‘ozovning ma’lum qilishicha, ushbu qishloqlarda yashovchi qariyb 2,5 ming nafar aholi etnik qirg‘izlardan iborat. Endilikda ular Qirg‘iziston fuqaroligini olish huquqiga ega bo‘ladi.

Kelishuvga ko‘ra, Qirg‘iziston ham O‘zbekistonga chegara hududidagi maydoni teng bo‘lgan yer uchastkalarini topshirdi. Tomonlar hududlar almashinuvi prinsipiga amal qilgan holda, har ikki davlat manfaatlarini inobatga olgan.

Shuningdek, Say va Tayan qishloqlari o‘rtasida yangi avtomobil yo‘lini qurish uchun umumiy maydoni 236 gektar bo‘lgan yer maydonlari ham o‘zaro almashtirildi. Ushbu yo‘l foydalanishga topshirilgach, Botken viloyati aholisi uchun transport qatnovi sezilarli darajada yengillashadi. Xususan, Aydarken shahridan Botken shahriga borish masofasi hozirgi 225 kilometrdan 55 kilometrgacha qisqaradi.

Eslatib o‘tamiz, ikki davlat tashqi ishlar vazirlari chegaraning ayrim uchastkalari bo‘yicha bitimni 2022-yil noyabr oyida imzolagan, 2023-yil yanvarida esa Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov ratifikatsiya hujjatlari bilan almashgan edi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Qirgʻizistonda Oʻzbekiston bilan chegarada yangi post ochilgani haqida yozgandi.