Yangiliklar

GTA 6 narxi rasman e’lon qilindi: o‘yin 80 dollardan sotiladi

gta
O‘yinning standart versiyasi $79,99, Ultimate Edition talqini esa $99,99 etib belgilangan
GTA 6 narxi rasman e’lon qilindi: o‘yin 80 dollardan sotiladi
Foto: Reddit

Rockstar Games uzoq kutilgan GTA 6 o‘yinining boshlang‘ich narxini rasman ma’lum qildi. Bu haqda Afisha Daily kompaniya tarqatgan press-reliziga tayanib xabar berdi.

Unga ko‘ra, o‘yinning standart versiyasi $79,99, Ultimate Edition talqini esa $99,99 etib belgilangan.

Ultimate Edition xaridorlariga eksklyuziv avtomobillar, qurollar va kiyimlar to‘plami taqdim qilinadi. Shuningdek, oldindan buyurtma bergan o‘yinchilar GTA: Vice City uslubidagi bonus buyumlar hamda bir oylik bepul GTA+ obunasiga ega bo‘ladi.

GTA 6’ning jismoniy nusxalari 12-noyabrdan sotuvga chiqariladi. Biroq qutilar ichida disk emas, balki o‘yinni yuklab olish uchun maxsus kod bo‘ladi. O‘yinni oldindan yuklab olish ham 12-noyabrdan boshlanadi, ammo uni faqat rasmiy reliz kuni — 19-noyabrdan o‘ynash mumkin bo‘ladi.

Oldindan buyurtmalar 25-iyundan ochiladi. Rockstar yangi qism seriya tarixidagi eng yirik va eng mukammal ochiq dunyoga ega bo‘lishini ta’kidladi.

Shu bilan birga, kompaniya press-relizda onlayn rejim haqida hech qanday ma’lumot bermadi. Ayrim ekspertlar buni GTA Online’ning yangi talqini o‘yin bilan bir vaqtda ishga tushirilmasligi mumkinligiga ishora sifatida baholamoqda.

Hozircha GTA 6 faqat konsollar uchun tasdiqlangan. Kompyuterlar uchun versiya haqida esa rasmiy ma’lumot berilmagan. Shu sababli o‘yinning PC talqini 2026-yil oxirigacha ham chiqmasligi mumkinligi aytilmoqda.

O‘yinning ikkinchi treyleri 2025-yil 6-mayda taqdim etilgan bo‘lib, unda bosh qahramonlar Jeyson va Lusiya ilk bor namoyish etilgandi. Syujet Leonida shtatida kechadi va qahramonlar yirik fitna markazida qolib, omon qolish uchun kurashadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan GTA 6 uchun oldindan buyurtma 25-iyunda boshlanishi haqida yozgandi.