Sport

Kannavaro Ronaldu va Portugaliyani g‘alaba bilan tabrikladi

U Ronalduni hamon barcha uchun namuna bo‘lib qolayotgan futbolchi sifatida ta’rifladi
Kannavaro Ronaldu va Portugaliyani tabrikladi
Foto: Kannavaroning Instagram sahifasi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Portugaliyaga qarshi o‘yindan keyin raqib jamoa va Krishtianu Ronalduni tabrikladi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Portugaliya juda kuchli raqib ekanini ta’kidladi.

Kannavaroning yozishicha, bunday o‘yinlar xalqaro darajada kuchli bo‘lish uchun tajriba zarurligini ko‘rsatadi.

«Portugaliyaga o‘xshagan juda kuchli raqibga qarshi o‘yinlar bizga xalqaro darajada kuchli bo‘lish uchun tajriba kerakligini o‘rgatadi. Tajriba esa faqat maydonda, o‘yin orqali orttiriladi», — deb yozdi u.

Murabbiy ushbu mag‘lubiyat O‘zbekiston terma jamoasiga o‘sish va rivojlanishda yordam berishini qayd etdi.

Shuningdek, Kannavaro Portugaliya terma jamoasini va Krishtianu Ronalduni g‘alaba bilan tabrikladi. U Ronalduni hamon barcha uchun namuna bo‘lib qolayotgan futbolchi sifatida ta’rifladi.

Eslatib o‘tamiz, Fabio Kannavaro JCh – 2026 dagi eng yuqori maosh oladigan murabbiylar beshligiga kiradi. O‘zbekiston terma jamoasi ustozi Fabio Kannavaro yillik 4 mln yevro maosh bilan ro‘yxatning 5 va 6-o‘rinlarini Portugaliya bosh murabbiyi Roberto Martines bilan bo‘lishib turibdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 23-iyun kuni Jahon chempionati guruh bosqichining 2-turida Portugaliya bilan kuch sinashdi va 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Kannavaro mag‘lubiyatdan keyin javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Uning aytishicha, ushbu mag‘lubiyatda futbolchilarning aybi yo‘q, xatoga murabbiy sifatida o‘zi yo‘l qo‘ygan.