Yangiliklar

O‘zbekistonning Efiopiyadagi birinchi elchisi ish boshladi

U Janubiy Afrika Respublikasida ham O‘zbekistonning elchisi hisoblanadi
O‘zbekistonning Efiopiyadagi birinchi elchisi ish boshladi / Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekistonning Efiopiyadagi elchisi Ashraf Xo‘jayev poytaxt Addis-Abebadagi faoliyatini rasman boshladi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, yangi elchi Efiopiya Federativ Demokratik Respublikasi prezidenti Tayye Atske-Selassiyega ishonch yorliqlarini topshirdi. Marosim doirasida bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Efiopiya o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

Foto: «Dunyo» AA

Efiopiya rahbari O‘zbekiston elchisining mamlakatdagi faoliyatiga muvaffaqiyat tilab, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanishiga va amaliy hamkorlik yanada kengayishiga ishonch bildirdi.

Ashraf Xo‘jayev Efiopiya rahbariga Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Foto: «Dunyo» AA

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Efiopiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1996-yil 15-iyulda o‘rnatilgan.

Ashraf Xo‘jayev 2024-yil fevral oyidan buyon O‘zbekistonning Qatardagi elchisi sifatida faoliyat yuritadi. U 2025-yil oktabr oyidan boshlab Janubiy Afrika Respublikasida ham O‘zbekistonning elchisi sifatida o‘rindoshlik asosida akkreditatsiyadan o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Ozarbayjon elchisini «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlagani haqida xabar qilgan edik.