
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab SAT sertifikati asosida oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti bo‘yicha qabul qilish tartibi yangilanadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlariga qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilishda «College Board» tomonidan o‘tkaziladigan «Scholastic Aptitude Test (SAT)» sertifikati natijalari qo‘llaniladi.
Qabul ko‘rsatkichlari
Yangi tartibga ko‘ra, SAT sertifikatida 1200 va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlar uchun qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari kunduzgi ta’lim shaklidagi, fanlar majmuasi «matematika» va «chet tili» bo‘lgan bakalavriat yo‘nalishlari uchun belgilangan qabul parametrlarining 50 foizi miqdorida aniqlanadi. Agar bu ko‘rsatkich butun son chiqmasa, u yuqoriga yaxlitlanadi.
Ro‘yxatdan o‘tish shartlari
Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tishda «matematika» va «chet tili» fanlarini tanlagan hamda SAT sertifikati 2026-yil 25-iyun (shu kun ham) holatiga qadar Bilim va malakalarni baholash agentligiga DI kod orqali kelib tushgan abituriyentlarga mazkur imtiyoz tatbiq etiladi.

Tanlov tartibi
Tanlov jarayonida abituriyentlarning SAT bali asosiy mezon sifatida hisobga olinadi. Abituriyentlar o‘zlari tanlagan beshtagacha oliy ta’lim muassasasi va yo‘nalishi bo‘yicha SAT ballari ketma-ketligiga qat’iy rioya qilingan holda qo‘shimcha davlat granti doirasida talabalikka tavsiya etiladi.
Teng ball holatlari
Agar ajratilgan qo‘shimcha o‘rinlarning eng past chegarasida bir nechta abituriyentning SAT ballari teng bo‘lib qolsa, ular ham tegishli yo‘nalishga tavsiya etiladi.
Imtiyozdan foydalanish
Shuningdek, SAT sertifikatiga ega abituriyentlarga imtiyozdan foydalanish yoki umumiy tartibda test natijalari asosida tanlovda ishtirok etish imkoniyati beriladi. Qo‘shimcha grantga kira olmagan abituriyentlarga vakant o‘rinlar uchun qayta ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati beriladi.
Bu jarayon kirish imtihonlari natijalari e’lon qilingandan so‘ng bir hafta o‘tib, bir hafta davomida amalga oshiriladi. Yakuniy qarorlar esa Bilim va malakalarni baholash agentligi qaydnomalari asosida rasmiylashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda talabalar soni 1,5 milliondan oshgani haqida yozgan edik.