
Xorazm viloyatida jamoat transportida yo‘lkira haqini naqd pulsiz to‘lash tizimi joriy etiladi. Viloyat hokimining qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan ayrim avtobus yo‘nalishlari hamda T1-sonli Urganch shahri — Xiva shahri trolleybus yo‘nalishida to‘lovlar faqat elektron tarzda qabul qilinadi.
Keyingi bosqichda ushbu tartib qolgan avtobus va trolleybus yo‘nalishlarida ham joriy etiladi. Qarorga ko‘ra, trolleybus yo‘nalishlarida yo‘lkira haqi bir yo‘lovchi uchun QQS bilan 3 ming so‘m etib belgilandi. Og‘irligi 20 kilogrammdan ortiq bagajni tashish uchun bir martalik to‘lov 4 ming so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, bekatlarda chipta olishga mo‘ljallangan infokiosklar o‘rnatilishi va transport vositalarida validatorlar ishlashi ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistondagi transport vositalarining 92,8 foizi yengil avtomobillar ekani haqida yozgan edi.