Yangiliklar

YI Markaziy Osiyo bilan aloqalar uchun yangi platforma ishga tushirdi

Connectivity Agenda Platform nomli
YI Markaziy Osiyo bilan aloqalar uchun yangi platforma ishga tushirdi
Foto: 1News

Yevropa komissiyasi Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport, energetika, raqamli aloqa va savdo yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun Connectivity Agenda Platform nomli yangi platformani ishga tushirdi.

Platforma Janubiy Kavkaz va Qora dengiz mintaqasi orqali Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoni yanada yaqin bog‘lashga xizmat qiladi.

Tashabbus doirasida Yevropa komissiyasi xalqaro moliya institutlari bilan kelishuvlar tuzdi. Ushbu kelishuvlar Qora dengiz mintaqasi va Janubiy Kavkazdagi strategik infratuzilma loyihalari uchun 2 mlrd yevrogacha investitsiya jalb qilishga yordam berishi kutilmoqda.

Platforma Yevrokomissiyaning kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos, xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela va barqaror transport bo‘yicha komissar Apostolos Tzitsikostas mezbonligida o‘tkazilgan yuqori darajadagi vazirlar uchrashuvida taqdim etildi.

Uchrashuvda Yevropa Ittifoqi davlatlari, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, Armaniston, Moldova va Ukraina vakillari qatnashdi. Shuningdek, G7 va xalqaro moliya institutlari vakillari ham ishtirok etdi.

Connectivity Agenda Platform nima

Connectivity Agenda Platform transport, energetika, raqamli aloqa va savdo sohalaridagi investitsiyalar hamda siyosiy choralarni muvofiqlashtirish uchun umumiy maydon bo‘ladi.

Ishtirokchilar Transkaspiy transport koridori faoliyatini kuchaytirishga ham kelishib oldi. Yevropa komissiyasiga ushbu yo‘nalish ishini baholash va uning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha ustuvor choralarni taklif qilish tavsiya qilindi.

YI ma’lumotiga ko‘ra, jalb qilinadigan mablag‘lar transport infratuzilmasi, chegara o‘tish punktlari va savdoni yengillashtirish loyihalariga yo‘naltiriladi.

Bu investitsiyalar mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilash, yuk tashishni soddalashtirish va savdo yo‘laklari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Politik nashri yozishicha, ushbu yo‘nalish orqali savdo hajmi yaqin 15 yil ichida besh barobarga oshishi mumkin. Report.az’ga ko‘ra, loyiha doirasida Yevropa tomonidan 80 mln yevrodan ortiq moliyalashtirish ajratilishi ham rejalashtirilgan.

Marta Kosning aytishicha, hozir Xitoy va Qozog‘iston chegarasidan Ruminiyagacha yuk yetkazish 45 kungacha vaqt olishi mumkin. YI bu muddatni 15 kungacha qisqartirishni maqsad qilgan.

Buning uchun temiryo‘l va avtomobil infratuzilmasini modernizatsiya qilish, bojxona tartiblarini raqamlashtirish va davlatlar o‘rtasidagi qoidalarni uyg‘unlashtirish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat hududida Yevropa Ittifoqi uchun migratsiya markazlari ochilishi bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani haqidagi xabarlarni rad etgandi.