Yangiliklar

457 ta korxonani sog‘lomlashtirish uchun 50 mln dollar ajratiladi

457 ta korxonaning kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi 3,5 trln so‘mga yetgan
457 ta korxonani sog‘lomlashtirish uchun 50 mln dollar ajratiladi
Foto: prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev qurilish materiallari tarmog‘idagi 457 ta korxonani moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qisqa muddatli dastur ishlab chiqish va bu maqsadlar uchun $50 mln resurs ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Bu haqda davlat rahbari raisligida qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Korxonalarning qarzdorligi oshgan

Yig‘ilishda qayd etilishicha, sohadagi 457 ta korxonaning kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi 3,5 trln so‘mga yetgan. Bunga ushbu korxonalar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar tannarxi yuqoriligi hamda ayrim mahsulotlar bugungi bozor talabiga to‘liq javob bermayotgani sabab bo‘lmoqda.

Mas’ullarga har bir korxona holatini joyiga chiqqan holda o‘rganish, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qisqa muddatli dastur ishlab chiqish topshirildi.

Ajratiladigan mablag‘lar mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, mahsulot tannarxini pasaytirish va bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.

Import va mahalliy mahsulotlar bo‘yicha qaror loyihasi

Yig‘ilishda yirik va megaloyihalarga sarmoya kiritayotgan investorlar import qurilish materiallarini olib kelishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etishni so‘rayotgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, mahalliy korxonalar ham bunday loyihalarga o‘z mahsulotlarini yetkazib berishga tayyorligini bildirmoqda. Ularning fikricha, agar QQS bo‘yicha imtiyoz mahalliy mahsulotlarga ham qo‘llansa, ular sifat va standartlar bo‘yicha raqobat qila oladi.

Mutasaddilarga yirik va megaloyihalarga import hamda mahalliy mahsulotlarni yetkazib berishda teng sharoit yaratish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qurilish materiallari sanoati 53 trillion so‘mga yetgani xabar qilingandi.