Sport

Behruz Karimovga Yevropaning to‘rtta klubi qiziqish bildirmoqda

Behruz Karimovga Yevropaning to‘rtta klubi qiziqish bildirmoqda
Foto: Instagram / Karimov

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Behruz Karimov faoliyatini Yevropada davom ettirishi mumkin. 18 yoshli futbolchiga Yevropaning bir qator klublari qiziqish bildirmoqda, deya xabar bermoqda Championat.asia.

Ma’lumotlarga ko‘ra, nomi oshkor etilmagan ikki Angliya klubi, shuningdek, Germaniya va Fransiyadan bittadan klub skautlari Karimovning Portugaliyaga qarshi uchrashuvdagi harakatlarini bevosita stadiondan kuzatgan.

Behruz Karimov davom etayotgan Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida har ikki uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushdi. Yosh himoyachining mundialdagi o‘yini xorijiy klublar e’tiborini tortgani aytilmoqda.

O‘yinchi haqida

Foto: Instagram / Karimov

Behruz Karimov 2007-yil 7-avgustda Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida tug‘ilgan. U o‘ng qanot himoyachisi pozitsiyasida harakat qiladi. Hozirda Karimov Termizning «Surxon» klubi futbolchisi hisoblanadi.

Futbolchi professional faoliyatini Toshkentning «Olimpik» klubida boshlagan. 2025-yilda esa «Surxon» jamoasiga o‘tgan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Karimovning bozor qiymati 350 ming yevroga baholangan.

Jahon chempionati oldidan Behruz Karimov jiddiy jarohat olgandi. 12-aprel kuni «Surxon» safida Superliga uchrashuvida uning oyog‘idagi beshinchi kaft suyagi singani aniqlangan. Dastlab bu jarohat futbolchining mundialda qatnashish imkoniyatini jiddiy savol ostida qoldirgan.

Keyinchalik Toshkentda o‘tkazilgan qo‘shimcha tekshiruvlardan so‘ng futbolchiga kam invaziv operatsiya qilingan. Tiklanish jarayonida «G‘azalkent» klubi mutaxassislari, O‘zbekiston terma jamoasi tibbiy shtabi hamda Germaniya va Italiyadan konsultantlar ishtirok etgan.

Avvalroq «Kursiv» Alisher Qodirov futbol bo‘yicha milliy terma jamoani tanqid qilgani haqida yozgan edi.