
Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi viza olish uchun ariza topshirish jarayonida noqonuniy vositachilik qilish, qabul vaqtlarini pullash yoki tizimdan tijorat maqsadlarida foydalanishga urinishlar qat’iyan taqiqlanganini ma’lum qildi. Bu haqda elchixona rasmiy kanalida xabar berdi.
Unga ko‘ra, viza xizmatlari barcha murojaatchilar uchun teng va adolatli sharoitda tashkil etilishi kerak. Shu sababli ayrim jismoniy shaxslar yoki kompaniyalarning qabul sanalarini egallab olish, ularni sotish yoki qo‘shimcha haq evaziga tezlashtirib berishni va’da qilishi qonunbuzarlik sifatida baholanadi.
Muntazam tekshiruvlar o‘tkaziladi
Diplomatik vakolatxona bunday holatlarning oldini olish maqsadida muntazam nazorat tadbirlari o‘tkazilayotganini bildirdi. Firibgarlik yoki qoidalarni chetlab o‘tishga urinishlar aniqlangan taqdirda, aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.
Arizachilarga muhim tavsiyalar
Elchixona fuqarolarni TLS xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan rasman belgilangan to‘lovlardan tashqari hech qanday mablag‘ to‘lamaslikka chaqirdi. Shuningdek, viza olishni rejalashtirayotganlarga safarlarini oldindan tashkil etish va bo‘sh qabul sanalari paydo bo‘lishini kutish tavsiya etildi.
Qayd etilishicha, qabul uchun yangi sanalar tizimda muntazam ravishda yangilanib boradi. Shu sababli vositachilar xizmatidan foydalanishga ehtiyoj yo‘q.
Ayrim toifalar uchun ustuvorlik mavjud
Fransiyada tahsil olayotgan yoki ilgari tahsil olgan o‘zbekistonliklar, shuningdek ushbu mamlakatda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ayrim hollarda ariza topshirish jarayonida ustuvorlikka ega bo‘lishi mumkin.
Elchixona barcha murojaatchilarni TLS markazi qoidalariga amal qilishga, xodimlar ko‘rsatmalariga rioya etishga va viza rasmiylashtirish jarayonida faqat rasmiy manbalardan foydalanishga chaqirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda TLS va Fransiya elchixonasi faoliyati tanqid ostida
Shuningdek, ushbu masala ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xususan, Effekt Makarenko Telegram kanalida Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi pozitsiyasi tanqid qilindi.
«Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi o‘zbekistonliklarga hech qanday yordam bermadi. Ammo rasmiy bayonotida TLS Contact qoidalariga rioya qilishga chaqirdi. Agar bu qoidalar O‘zbekiston qonunchiligiga zid bo‘lsa, nima qilish kerak?», — deya yozdi muallif.
Kanal obunachilari orasida ham vaziyat yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirildi. Ulardan biri shunday yozgan:
«Fransiya elchixonasining rasmiy kanalidagi post ostida dislayk qo‘yish imkoniyati yo‘q. Agar shunday imkoniyat bo‘lganida, vizalar bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha odamlarning haqiqiy munosabatini ko‘rgan bo‘lardik. Men shaxsan Fransiyaning bu masaladagi pozitsiyasidan qattiq hafsalam pir bo‘ldi. Elchixonaning TLS bilan bog‘liq vaziyatga bergan javobi ko‘p narsani anglatadi. Fransiya korrupsiyani qo‘llab-quvvatlayotgan yoki hech bo‘lmaganda unga ko‘z yumayotgandek taassurot qoldirmoqda.
Yaqinda o‘zim ham Fransiya vizasini oldim. Hujjatlarni ikki oy oldin tayyorlashni boshladim, ammo topshirish uchun bo‘sh joy topilmadi. Buning o‘rniga $200 evaziga navbat taklif qilishdi. Holbuki, safarni bir oy oldin rejalashtirgandim. Shuning uchun oldindan rejalashtirish haqida gapirishning o‘zi yetarli emas. Mening fikrimcha, bu tizim korrupsiyani yashirin tarzda qo‘llab-quvvatlamoqda».
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-iyuldan Yaponiyada bir martalik viza narxi $93 bo‘lishi haqida yozgandi.