Yangiliklar

Fransiya elchixonasidan ogohlantirish, «Yong‘inga qarshi alohida rejim», avtojarimalarning oshishi — 25-iyun yangiliklari

Kursiv Uzbekistan 25-iyun kuni mahalliy va xorijiy maydonda yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi
На ТМИФ-2026 подписали соглашения на рекордные $43,1 млрд
Foto: Ben / Unsplash

Kursiv Uzbekistan 25-iyun kuni mahalliy va xorijiy maydonda yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi.

O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya ulushi 45,3 foizga oshdi

O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 5 310 MVtga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 585 MVtga yoki 42,6 foizga ko‘pdir.

«Yashil» energiyaning umumiy generatsiyadagi ulushi 33,6 foizdan 45,3 foizga oshdi. Respublikada elektr energiyasi iste’moli 11 365 MVtni, ishlab chiqarish hajmi esa 11 728 MVtni tashkil etdi.

Mirziyoyev Andijonni turkiy dunyo madaniyat poytaxti maqomi bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrining 2026-yilda «Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» deb e’lon qilinishi munosabati bilan xalqaro tadbir ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari Andijonning ushbu yuksak maqomga sazovor bo‘lishini O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va bugungi taraqqiyotining e’tirofi sifatida baholadi.

«Andijon shahrining bunday yuksak sharafga munosib ko‘rilganini O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy-ma’naviy merosi, yurtimizning turkiy madaniyat rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi hamda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro miqyosdagi yana bir e’tirofi sifatida qabul qilamiz», — dedi prezident.

Fransiya elchixonasi vizaga oid firibgarliklardan ogohlantirdi

Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi viza olish uchun ariza topshirish jarayonida noqonuniy vositachilik qilish, qabul vaqtlarini pullash yoki tizimdan tijorat maqsadlarida foydalanishga urinishlar qat’iyan taqiqlanganini ma’lum qildi. Bu haqda elchixona rasmiy kanalida xabar berdi.

Unga ko‘ra, viza xizmatlari barcha murojaatchilar uchun teng va adolatli sharoitda tashkil etilishi kerak. Shu sababli ayrim jismoniy shaxslar yoki kompaniyalarning qabul sanalarini egallab olish, ularni sotish yoki qo‘shimcha haq evaziga tezlashtirib berishni va’da qilishi qonunbuzarlik sifatida baholanadi.

Venesueladagi kuchli zilzila oqibatida qurbonlar soni 100 mingga yetishi mumkin

Venesuela poytaxti Karakasdan g‘arbda 24-iyun kuni kechqurun magnitudasi 7,2 va 7,5 bo‘lgan ikkita kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Ikkinchi yer silkinishi birinchisidan bir daqiqaga ham yetmaydigan vaqt o‘tib qayd etilgan, deya xabar berdi BBC nashri.

AQSh Geologiya xizmati zilzila oqibatida katta talafotlar va keng ko‘lamli vayronagarchiliklar yuz berishi mumkinligini ma’lum qildi. Dastlabki baholarga ko‘ra, qurbonlar soni 10 mingdan 100 ming kishigacha yetishi ehtimoldan xoli emas.

Toshkentda 15-sentabrgacha issiq soatlarda yonilg‘i tashish va quyish cheklanadi

Toshkent shahrida yozgi mavsumdagi yuqori harorat va yong‘in xavfining ortishi sababli 15-sentabrga qadar alohida yong‘in xavfsizligi rejimi joriy etildi. Bu poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning 22-iyundagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Mazkur davrda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qilish va aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan choralar kuchaytiriladi.

457 ta korxonani sog‘lomlashtirish uchun 50 mln dollar ajratiladi

Shavkat Mirziyoyev qurilish materiallari tarmog‘idagi 457 ta korxonani moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qisqa muddatli dastur ishlab chiqish va bu maqsadlar uchun $50 mln resurs ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Bu haqda davlat rahbari raisligida qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Ipoteka kreditlari: eng past foizli taklif qaysi bankda

2026-yil 22-iyun holatiga ko‘ra, banklar kesimida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari e’lon qilindi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ipoteka kreditlari bo‘yicha eng past foiz stavka «OFB»da qayd etilgan — 18,6%. Keyingi o‘rinlarda «Agrobank» — 20,8%, «SQB» — 21%, «Milliy bank» — 21,2% hamda «Asaka bank» — 21,6% ko‘rsatkich bilan joylashgan.

Alisher Qodirov futbol bo‘yicha milliy terma jamoani tanqid qildi

Qonunchilik palatasi vitse-spikeri Alisher Qodirov O‘zbekiston milliy terma jamoasining so‘nggi o‘yinlari yuzasidan fikr bildirib, jamoa tarkibi va futbolchilarning maydondagi harakatlarini tanqid qildi. Bu haqda Telegram kanalida yozib qoldirdi.

Uning ta’kidlashicha, futbolchilar har bir uchrashuvda nafaqat natija, balki mamlakat sha’ni va o‘z obro‘si uchun ham kurashishi kerak. Qodirov ayrim bahslarda raqiblar mutlaq ustun bo‘lmaganiga qaramay, terma jamoa safida yetarli darajada ishtiyoq va fidoyilik sezilmaganini qayd etdi.

1-sentabrdan avtojarimalar qanchaga oshadi — jadval

1-sentabrdan O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarimalar (avtojarimalar) oshadi. Bunga bazaviy hisoblash miqdorining 412 ming so‘mdan 440 ming so‘mga ko‘tarilishi sabab bo‘ladi.

Jarimalar bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘langanligi uchun BHM oshishi bilan haydovchilarga qo‘llanadigan moliyaviy choralar ham qimmatlashadi. Shuningdek, ayrim qoidabuzarliklar uchun jarimadan tashqari haydovchilarga E-ball ham hisoblanishi mumkin. Avtoe’lon yangi jarimalarni hisoblab chiqdi.

Oshxona va restoranlarda suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanish cheklanadi

Toshkent shahrida yong‘inga qarshi alohida rejim doirasida bozorlar, savdo majmualari va xizmat ko‘rsatish obyektlarida taom tayyorlash uchun maishiy suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik topshirildi.

Poytaxt hokimining qaroriga ko‘ra, yoz mavsumida yong‘in xavfi yuqori bo‘lgani sababli shaharda 2026-yil 15-sentabrgacha «Yong‘inga qarshi alohida rejim» joriy etilgan.