Gadjetlar

Fujitsu yangi «zirhli» smartfonini taqdim etdi

Fujitsu Arrows Alpha 2 smartfoni
Fujitsu yangi «zirhli» smartfonini taqdim etdi
Foto: Gizmochina

Yaponiyaning Fujitsu Connected Technologies kompaniyasi yangi Fujitsu Arrows Alpha 2 smartfonini taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.

Qurilma mustahkamligi bilan ajralib turib, harbiy standartdagi MIL-STD sinovlarining 23 turidan muvaffaqiyatli o‘tgan. Shuningdek, smartfon IP66, IP68 va IP69 darajasidagi himoyaga ega bo‘lib, suv va changdan ishonchli tarzda himoyalangan.

Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, qurilma 1,8 metr balandlikdan beton yuzaga tushganda ham ekraniga zarar yetkazmaydi. Bunda Corning Gorilla Glass Victus 2 himoya oynasi muhim rol o‘ynaydi. Smartfon chuchuk suv ostida suratga olish imkoniyatini ham taqdim etadi.

40 daqiqada to‘liq quvvat va ikki kungacha ishlash

Arrows Alpha 2 smartfoniga 5370 mA/soat sig‘imli kremniy-uglerod batareyasi o‘rnatilgan. Bu Arrows seriyasi tarixidagi eng katta batareya hisoblanadi. Kompaniya qurilma bir zaryad bilan ikki kungacha ishlashi mumkinligini ma’lum qilgan.

Foto: Gizmochina

Bundan tashqari, 90 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasi yordamida batareyani 0 foizdan 100 foizgacha taxminan 40 daqiqada quvvatlash mumkin. Ishlab chiqaruvchi batareya samaradorligi to‘rt yilgacha yuqori darajada saqlanishini ham ta’kidlamoqda.

144 Gts ekran, 50 MP kameralar va sun’iy intellekt

Yangi smartfon MediaTek Dimensity 8350 Extreme protsessori asosida ishlaydi. Qurilma 8/256 GB va 12/512 GB xotira variantlarida taqdim etilgan hamda 2 TB gacha microSD kartalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Smartfonning asosiy kamerasi Sony LYTIA 710 sensori bilan jihozlangan bo‘lib, 50 megapiksel aniqlikda suratga oladi va 4K/60 fps formatida video yozadi. Ultra keng burchakli hamda old kameralar ham 50 megapikselga ega.

Foto: Gizmochina

Qurilmaga 6,4 dyuymli LTPO displey, 144 Gts yangilanish chastotasi va 3 ming nitgacha yorqinlik berilgan. Shuningdek, unda Dolby Atmos audio tizimi, arrows AI sun’iy intellekt funksiyalari va Google Gemini integratsiyasi mavjud.

Kompaniya smartfon uchun 3 ta yirik Android yangilanishi va 5 yil davomida xavfsizlik yangilanishlari taqdim etilishini va’da qilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nothing Phone smartfoni taqdimot oldidan namoyish etilgani haqida yozgandi.