
2026-yil 22-iyun holatiga ko‘ra, banklar kesimida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari e’lon qilindi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ipoteka kreditlari bo‘yicha eng past foiz stavka «OFB»da qayd etilgan — 18,6%. Keyingi o‘rinlarda «Agrobank» — 20,8%, «SQB» — 21%, «Milliy bank» — 21,2% hamda «Asaka bank» — 21,6% ko‘rsatkich bilan joylashgan.

Eng yuqori foiz stavkalari «Universal bank» va «Turon bank»da 26 foizdan, «Davr bank»da esa 27 foizdan iborat bo‘lgan. Umumiy hisobda banklar bo‘yicha ipoteka kreditlarining o‘rtacha foiz stavkasi 22,2 foizni tashkil etgan.
Bunda jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 23 foizni, yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha esa 22,6 foizni tashkil qilgan.
Ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari banklarning o‘z mablag‘lari hamda Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan ikkilamchi bozor uchun ajratilgan kreditlarni o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq banklarda avtokredit va mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkalari pasaygani xabar qilingandi.