Sport

JAR Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonib, ikkinchi o‘rinni egalladi

JAR Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda g‘alaba qozondi
Foto: Getty Images

Jahon chempionati guruh bosqichining yana bir uchrashuvida JAR Monterreydagi stadionda Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushdi. Bu bahs har ikki jamoa uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular guruhda ikkinchi o‘rin va pley-off yo‘llanmasi uchun kurashdi.

Birinchi bo‘limda jamoalar darvozalarni ishg‘ol eta olmadi. Janubiy Koreya to‘pga ko‘proq egalik qilishga va pozitsion hujumlar tashkil etishga urindi, biroq Janubiy Afrika Respublikasi himoyasi zich va tartibli harakat qildi. JAR esa qarshi hujumlarda tezlikka tayanib, raqib darvozasi tomon bir necha bor xavfli chiqishlar uyushtirdi.

Ikkinchi bo‘lim qanday o‘tdi

Foto: Getty Images

Tanaffusdan so‘ng Janubiy Koreya tarkibida o‘zgarishlar amalga oshirildi. Son Hyon Min, Jens Kastrop va Kim Jin Gyu maydonga tushirildi. Koreyaliklar hujumdagi bosimni kuchaytirishga harakat qildi, ammo JAR himoyachilari raqibga jarima maydoni yaqinida erkin harakatlanish imkonini bermadi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Janubiy Afrika Respublikasi hisobni ochdi.

Tsepxang Moremi to‘pni Tapelo Masekoga yetkazib berdi. Maseko jarima maydonida qulay vaziyatdan foydalanib, kuchli va aniq zarba bilan to‘pni darvozaning pastki burchagiga joyladi.

Goldan keyin Janubiy Koreya oldinga katta kuch tashladi. Jamoa qanotlardan hujum qilishga, uzatmalar va burchak zarbalari orqali vaziyat yaratishga urindi. Biroq Janubiy Afrika Respublikasi futbolchilari himoyada zich joylashib, raqibga bo‘sh hudud qoldirmadi. Maydonda sariq libosdagi futbolchilar deyarli ikki qatordan iborat mudofaa devorini hosil qildi.

«A» guruhida qanday vaziyat

Jahon chempionatining «A» guruhida Meksika terma jamoasi guruh bosqichini mutlaq natija bilan yakunlab, 3 ta o‘yinda 9 ochko jamg‘ardi va birinchi o‘rin bilan pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Ikkinchi o‘rinni esa Janubiy Afrika Respublikasi egalladi. JAR 3 ta uchrashuvda 4 ochko to‘plab, keyingi bosqichga chiqdi. Jamoa guruhda bitta g‘alaba, bitta durang va bitta mag‘lubiyat qayd etdi.

Koreya Respublikasi 3 ochko bilan uchinchi o‘rinda qoldi. Chexiya esa 3 o‘yinda bor-yo‘g‘i 1 ochko jamg‘arib, guruhni so‘nggi pog‘onada yakunladi va Jahon chempionati bilan xayrlashdi.

Avvalroq «Kursiv» Marokash Gaiti terma jamoasi ustidan irodali g‘alaba qozongani haqida yozgan edi.