
Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrining 2026-yilda «Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» deb e’lon qilinishi munosabati bilan xalqaro tadbir ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Andijonning ushbu yuksak maqomga sazovor bo‘lishini O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va bugungi taraqqiyotining e’tirofi sifatida baholadi.
«Andijon shahrining bunday yuksak sharafga munosib ko‘rilganini O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy-ma’naviy merosi, yurtimizning turkiy madaniyat rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi hamda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro miqyosdagi yana bir e’tirofi sifatida qabul qilamiz», — dedi prezident.
Mirziyoyev o‘z nutqida Andijon azaldan madaniyat, adabiyot, san’at va hunarmandchilik markazlaridan biri bo‘lib kelganini ta’kidladi. Shuningdek, Bobur Mirzo va Abdulhamid Cho‘lpon merosi, «Andijon polkasi» raqsi hamda askiya san’ati nafaqat O‘zbekiston, balki butun turkiy dunyoning bebaho madaniy boyligi ekanini qayd etdi.
Prezidentga ko‘ra, «Andijon – Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» loyihasi doirasida yil davomida o‘tkaziladigan festival, ilmiy anjuman va ijodiy uchrashuvlar qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Andijon polkasi» Ginnes rekordiga kirgani haqida yozgandi.