
Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilarni pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha magistraturaga maqsadli qabul qilish tizimi joriy etiladi. Bu haqda hukumat qarori e’lon qilindi.
Qarorga ko‘ra, xalqaro akkreditatsiyalangan tizimda oliy malaka toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar pedagogika sohasining magistratura bosqichida masofaviy ta’lim shaklida tahsil olishi mumkin bo‘ladi.
Maqsadli magistraturaga qabul oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga qabul qilish bo‘yicha amaldagi tartib asosida amalga oshiriladi.
Yangi tizimga muvofiq, oliy toifali o‘qituvchilar magistratura ta’limini asosiy ish faoliyatidan ajralmagan holda, masofaviy shaklda davom ettiradi. Shuningdek, ular magistraturani tamomlagach, kamida 3 yil davomida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ishlash majburiyatini oladi.
Qarorda yana bir muhim jihat belgilangan. Unga ko‘ra, ushbu tartib asosida maqsadli magistraturaga qabul qilingan o‘qituvchilarga nisbatan kontrakt to‘lovini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish mexanizmi qo‘llanilmaydi.
Mazkur tizim 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi tashkil etilgan Soliq oliy maktabiga qabul joriy yildan boshlanishi haqida yozgandi.