Yangiliklar

Oltin narxi 4 ming dollardan pastga tushdi

24-iyun kungi savdolarda oltin narxi 3,7 foizga arzonlashdi
Oltin narxi ilk bor 4 ming dollardan pastga tushdi
Foto: Getty Images

Jahon bozorida oltin narxi 2025-yil noyabr oyidan buyon ilk marta bir troya unsiyasi uchun $4 mingdan pastga tushdi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

AQSh dollarining mustahkamlanishi hamda foiz stavkalari oshirilishi mumkinligi haqidagi kutilmalar qimmatbaho metall narxining uch yillik o‘sishini to‘xtatib qo‘ydi.

24-iyun kungi savdolarda oltin narxi 3,7 foizga arzonlashib, $3970 dan pastga tushdi. Bu ketma-ket ikkinchi kun davom etayotgan sezilarli pasayish bo‘ldi. Kumush narxi ham dekabr oyidan beri ilk marta $60 dan pastga tushib, yanvar oyidagi cho‘qqi ko‘rsatkichiga nisbatan qiymatining yarmidan ko‘prog‘ini yo‘qotdi.

Narxlarning pasayishi fonida yirik moliyaviy institutlar oltin bo‘yicha prognozlarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Goldman Sachs yil yakunidagi prognozini $500 ga pasaytirib, $4900 etib belgiladi. Deutsche Bank ham to‘rtinchi chorak uchun prognozini 17 foizga qisqartirdi.

Shunga qaramay, markaziy banklar oltin xarid qilishni davom ettirmoqda. 2026-yilning birinchi choragida ular oltin zaxiralarini so‘nggi bir yildan ortiq davrdagi eng yuqori sur’atlarda oshirdi. Tahlilchilar fikricha, aynan shu talab bozor uchun asosiy tayanch omil bo‘lib qoladi.

24-iyun kuni kunning ikkinchi yarmida oltinning spot narxi $3970 ni tashkil etdi, bu avvalgi savdo sessiyasiga nisbatan 3,6 foiz pastdir. Kumush 5 foizga arzonlashgan bo‘lsa, platina va palladiy ham sezilarli pasayishni qayd etdi.

Pasayish sabablari

So‘nggi uch yil davomida oltin narxi har yili ikki xonali sur’atlarda o‘sib kelgan edi. Bunga markaziy banklar, investitsiya fondlari va xususiy investorlarning yuqori talabi sabab bo‘lgan. Natijada metall narxi ushbu davrda ikki baravardan ko‘proq oshgan.

Biroq yanvar oyining oxirida oltin narxi tarixiy maksimum — qariyb $5600 darajasiga yetganidan so‘ng o‘sish sur’ati susaya boshladi. O‘shandan buyon kotirovkalar 20 foizdan ortiq pasaydi.

Tahlilchilarga ko‘ra, AQSh va Eron o‘rtasidagi mojaro energiya resurslari narxining keskin oshishiga sabab bo‘lib, inflyatsiya xavfini kuchaytirdi. Bu esa foiz stavkalarining oshirilishi ehtimolini kuchaytirib, oltinning investitsion jozibadorligini kamaytirdi. AQSh Federal zaxira tizimi rahbariyatining inflyatsiyaga qarshi qat’iy siyosat yuritish haqidagi bayonotlari ham bozorga bosim o‘tkazdi.

Bundan tashqari, oltinga bog‘langan birja fondlariga investitsiyalar kamaymoqda. Xitoyda ham talabning susayishi kuzatilmoqda, bu esa jahon bozoridagi narxlarga qo‘shimcha bosim qilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oltin narxini tushirayotgani haqida yozgandi.