
Toshkent shahrida yong‘inga qarshi alohida rejim doirasida bozorlar, savdo majmualari va xizmat ko‘rsatish obyektlarida taom tayyorlash uchun maishiy suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik topshirildi.
Poytaxt hokimining qaroriga ko‘ra, yoz mavsumida yong‘in xavfi yuqori bo‘lgani sababli shaharda 2026-yil 15-sentabrgacha «Yong‘inga qarshi alohida rejim» joriy etilgan.
Mazkur rejim doirasida mas’ullarga bozorlar, savdo majmualari va boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlarida taom tayyorlash maqsadida maishiy suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish vazifasi yuklatilgan.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish shoxobchalariga qonunchilik talablariga zid ravishda tabiiy gaz tarmoqlarini kiritish qat’iyan taqiqlanishi va bu borada nazorat kuchaytirilishi belgilangan.
Tadbirkorlar uchun bu nimani anglatadi
Amalda bu qaror oshxona, kafe va restoranlarda propan ballonlaridan foydalanishga cheklov sifatida talqin qilinmoqda. Ayniqsa, tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmagan umumiy ovqatlanish obyektlari uchun bu masala dolzarb bo‘lishi mumkin.
Bunday tadbirkorlar ovqat tayyorlashda elektr jihozlari yoki boshqa xavfsiz yechimlarga o‘tishga majbur bo‘lishi ehtimoli bor. Biroq bu qo‘shimcha xarajat, elektr tarmog‘iga yuklama va biznes faoliyatida uzilishlar keltirib chiqarishi mumkin.
Iqtisodchi fikri
Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu qarorni tanqid qilib, ma’muriyatning vazifasi taqiqlash emas, xavfsizlik texnikasi va standartlarga amal qilinishini ta’minlash bo‘lishi kerakligini bildirdi.
Uning fikricha, agar masala faqat yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lsa, muammoni to‘liq taqiq orqali emas, balki nazorat, texnik talablar va xavfsizlik qoidalarini kuchaytirish orqali hal qilish lozim.
Bakirov elektr energiyasidan noto‘g‘ri foydalanish ham yong‘inga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, bunday holatda elektrdan foydalanishni ham taqiqlash mantiqsiz bo‘lishini qayd etdi.
Qarorning biznesga ta’siri qanday bo‘lishi mumkin
Iqtisodchi fikricha, tabiiy gazga ulanmagan oshxona va restoranlar uchun bunday cheklov jiddiy muammo tug‘dirishi mumkin. Chunki ularning bir qismi aynan suyultirilgan gaz ballonlari orqali taom tayyorlab kelgan.
«Yong‘inga elektr energiyasidan noto‘g‘ri foydalanish ham sabab bo‘lishi mumkin, unda svetniyam taqiqlaymizmi? Savdo-sanoat palatasi, biznes-ombudsmandan so‘raldimi? Oqibatlari hisob-kitob qilindimi?», — deya savol qoldirgan Bakirov.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 15-sentabrgacha issiq soatlarda yonilg‘i tashish va quyish cheklanadi. Xususan, kunning eng issiq vaqti hisoblangan soat 11:00 dan 17:00 gacha propan va benzin quyish shoxobchalarida yirik tonnajli transport vositalari hamda katta sig‘imlarda yonilg‘ini tashish, to‘kish va quyish ishlari cheklanadi.