Yangiliklar

O‘zbekiston beshta xorijiy shaharda energiya tejamkor uy modellarini quradi

Markaziy Osiyo davlatlariga eksportni qo‘shimcha $440 mlnga oshirish imkoniyati bor
O‘zbekiston beshta xorijiy shaharda energiya tejamkor uy modellarini quradi
Rasm: depositphotos

Mas’ullarga Boku, Tbilisi, Moskva, Ostona va Bishkekda 3–4 tadan namunali, energiya tejamkor uy modelini qurish hamda road-shoular o‘tkazish topshirildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish materiallari tarmog‘iga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda qo‘shni davlatlar yiliga $13 mlrdlik qurilish materiallarini import qilayotgani qayd etildi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, tashqi bozorlarda raqobat kuchaygan hozirgi sharoitda eksportni oshirish uchun noan’anaviy yechimlar zarur.

Eksport $440 mlnga oshishi mumkin

Markaziy Osiyo davlatlariga eksportni qo‘shimcha $440 mlnga oshirish imkoniyati borligi aytildi. Jumladan, Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda uy-joy hamda tijorat obyektlarini qurish bo‘yicha yirik dasturlar amalga oshirilmoqda.

Shu bois tarmoq mutasaddilari va hokimlarga qurilish materiallari korxonalari hamda developerlarni o‘zaro bog‘lash vazifasi qo‘yildi. Ular yaqin mintaqalardagi bozorlarga chiqib, milliy mahsulotlar asosida namunali uy-joylar va noturar obyektlarni qurib ko‘rsatishi kerak.

Ta’kidlanishicha, agar O‘zbekiston ushbu davlatlarda uy-joy qurish bo‘yicha ishonchli hamkorga aylansa, bu elektrotexnika, uy tekstili va mebel korxonalari uchun ham yangi eksport yo‘llarini ochadi.

Shu maqsadda Boku, Tbilisi, Moskva, Ostona va Bishkekda energiya tejamkor uy modellarini qurish va ularni road-shoular orqali namoyish etish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yangi uy-joylar energiya tejamkor materiallar asosida quriladi.