Yangiliklar

O‘zbekistonda haydovchilari soni cheklanmagan avtosug‘urta joriy etildi

Bunday holatda sug‘urta shartnomasida avtomobil egasi yoki uning yaqin qarindoshlarini alohida ko‘rsatish talab etilmaydi
O‘zbekistonda haydovchilari soni cheklanmagan avtosug‘urta joriy etildi
Foto: Autostrada.uz

O‘zbekistonda sug‘urta va elektron tijorat sohalarini takomillashtirishga qaratilgan qonun qabul qilinib, bir qator muhim yangiliklar joriy etildi.

Yangi tartibga ko‘ra, transport vositasi egalari endilikda avtomobilni kim boshqarishidan qat’i nazar, haydovchilar soni cheklanmagan majburiy fuqarolik javobgarligi sug‘urtasi polislarini rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi. Bunday holatda sug‘urta shartnomasida avtomobil egasi yoki uning yaqin qarindoshlarini alohida ko‘rsatish talab etilmaydi.

Sug‘urta tovonini undirish tartibi soddalashtiriladi

Qonundagi yana bir muhim o‘zgarish yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq. Endilikda jabrlangan tomon sug‘urta tovonini aybdor haydovchining sug‘urta kompaniyasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri talab qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tegishli arizalar ham aynan aybdor tomon sug‘urtalangan kompaniya tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Elektron tijorat operatorlari uchun yangi talab

Hujjat bilan elektron tijorat sohasida faoliyat yurituvchi operatorlarga ham yangi majburiyat yuklatildi. Ular ish boshlashi yoki faoliyatini yakunlashi haqida vakolatli davlat organini belgilangan tartibda xabardor qilishi shart bo‘ladi.

Ikki karra majburiy sug‘urtaga chek qo‘yiladi

Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, hayoti va sog‘lig‘i davlat tomonidan majburiy sug‘urtalanadigan shaxslarni bir vaqtning o‘zida byudjet mablag‘lari hisobidan ish beruvchining fuqarolik javobgarligi bo‘yicha ham majburiy sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-sentabrdan avtojarimalar qanchaga oshishi haqida yozgandi.