Yangiliklar

O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya ulushi 45,3 foizga oshdi

Respublikada elektr energiyasi iste’moli 11 365 MVtni, ishlab chiqarish hajmi esa 11 728 MVtni tashkil etdi
O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya ulushi 45,3 foizga oshdi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 5 310 MVtga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 585 MVtga yoki 42,6 foizga ko‘pdir.

«Yashil» energiyaning umumiy generatsiyadagi ulushi 33,6 foizdan 45,3 foizga oshdi. Respublikada elektr energiyasi iste’moli 11 365 MVtni, ishlab chiqarish hajmi esa 11 728 MVtni tashkil etdi.

«Yashil» generatsiya hajmining oshishi issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqarish yuklamasini kamaytirishga imkon berdi. Xususan, IESlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 7 243 MVtdan 6 293 MVtgacha qisqardi. Buning natijasida tabiiy gaz sarfi 293 ming kub metrga kamaydi.

So‘nggi yillarda quyosh energetikasi, energiya saqlash tizimlari va elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar mamlakat energetika tizimida o‘z samarasini bermoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari nafaqat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarishga, balki tabiiy gaz resurslarini tejashga ham xizmat qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri energetika vaziriga ikki yangi o‘rinbosar tayinlangani haqida yozgan edi.