Yangiliklar

O‘zbekistonda yana bir kriptodo‘kon litsenziya oldi

Unex Payments kompaniyasi
O‘zbekistonda yana bir kriptodo‘kon litsenziya oldi
Foto: Getty Images

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan Unex Payments kompaniyasiga kriptodo‘kon faoliyatini yuritish uchun litsenziya berildi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Shu tariqa, kompaniya O‘zbekistonda rasman faoliyat yuritayotgan 13-kriptodo‘konga aylandi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, litsenziya 2026-yil 22-iyundagi buyruq asosida rasmiylashtirilgan bo‘lib, 24-iyundan kuchga kirgan. Kompaniyaga berilgan litsenziya raqami — CS #0018.

Kompaniya yaqinda tashkil etilgan

Yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Unex Payments 2026-yil 4-may kuni 500 million so‘m ustav fondi bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Korxona axborot xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Kompaniya rahbari sifatida Karimjon Ubaydullayev qayd etilgan. Ta’sischilar esa ulushlari teng bo‘lgan Shahnoza Mahmudova va Rano Rahimova hisoblanadi.

Yana bir IT-kompaniya ham tashkil etilgan

Mazkur tadbirkor ayollar shu kuni Unex Depositary nomli yana bir kompaniyani ham ro‘yxatdan o‘tkazgan. Ustav fondi 500 million so‘mni tashkil etuvchi korxona axborot texnologiyalari sohasidagi boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, Shahnoza Mahmudova baliqchilik yo‘nalishida faoliyat yurituvchi Intensiv Baliq Baraka kompaniyasining 15 foiz ulushiga ega. Rano Rahimova esa Mister English o‘quv markazi va Lumax Motors avtosalonining yagona mulkdori bo‘lib, Bee Financial Management kompaniyasining 40 foiz ulushiga ham egalik qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Freedom Broker va Agat Credit kapital bozoridagi tartibga solish qumdoni ishtirokchisiga aylangani haqida yozgandi.