
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda turizm obyektlari, mehmonxonalar va yangi uy-joylar qurilishida mahalliy hamda energiya tejamkor materiallardan foydalanishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda yaqinda hududlarda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ikki yillik yirik dastur qabul qilingani qayd etildi. Ushbu dastur doirasida 34 ta yirik turizm obyekti, 1 mingdan ortiq joylashtirish vositasi, jumladan, 200 ta mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan.
Masalan, Parkentda yaqinda ochilishi kutilayotgan «Kumushkon resort» turizm kompleksida qurilish materiallarining 98 foizi mahalliy mahsulotlardan iborat. Shu munosabat bilan hokimlar o‘z hududlarida barpo etilayotgan mehmonxonalarda mahalliy materiallar ulushini kamida 95 foizga yetkazishi zarurligi ta’kidlandi.

Mahalliy mahsulotlardan sifatli inshootlargacha
Buning uchun kelasi yil yakuniga qadar mehmonxona qurish va bezatishda foydalaniladigan qator mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish vazifasi qo‘yildi. Xususan, lok-bo‘yoq ishlab chiqarishni 119 ming tonnadan 150 ming tonnaga, santexnika mahsulotlarini 1,5 mln donadan 2 mln donaga, PVX quvur va fitinglarni 255 ming tonnadan 300 ming tonnaga yetkazish belgilandi.
Shuningdek, gulqog‘oz ishlab chiqarishni 6 mln tonnadan 7,5 mln tonnaga, dekorativ panellarni esa 15 mln kvadrat metrdan 18 mln kvadrat metrgacha oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda uy-joy qurilishi va ta’mirlash jarayonlarida energiya tejamkor materiallardan foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 65 ming yakka tartibdagi uy-joy quriladi, yana 200–250 ming xonadon ta’mirlanadi.
Davlat rahbari xonadonlarni isitish uchun iqtisodiyotdagi jami gaz iste’molining 20 foizi, elektr energiyasining esa 11 foizi sarflanayotganini qayd etdi. Agar uylarning fasad va tom qismi issiqlik saqlovchi materiallar bilan qoplansa, energiya tejamkor oynalar o‘rnatilsa, energiya sarfi 30 foizgacha kamayishi mumkin.
Bu borada Fransiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ishlab chiqqan yangicha loyihalash yondashuvi asosida Qamashi tumanida 4 ming xonadonli «Yangi O‘zbekiston» massivi qurilmoqda. Ushbu loyihada to‘liq energiya tejamkor mahalliy mahsulotlardan foydalaniladi. Natijada qurilish tannarxi kamida 20 foizga arzonlashadi, uyni isitish va sovitish xarajatlari esa 30 foizga qisqaradi.
Avvalroq «Kursiv» qurilish materiallari sanoati 53 trillion so‘mga yetgani haqida yozgan edi.